Jizzax shahrida joylashgan sport majmuasi Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga tayyorlanmoqda


Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida shaffoflik, adolatni ta’minlash, abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida Jizzax viloyatida tayyorgarlik ishlari qizg‘in tus olgan.


O‘z navbatida ushbu jarayonda xavfsizlikni ta’minlash, turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarga tayyor turish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish dolzarb masala hisoblanadi.

Yopiq binolar epidemiologik talabga javob bermasligini, ijtimoiy masofaga rioya qilingan taqdirda imtihonlar vaqti anchaga cho‘zilib ketishini inobatga olib, test sinovlari viloyat markazida joylashgan “So‘g‘diyona" sport majmuasida tashkil etilmoqda. Bunda imtihonlar kuniga 2 marta (havo salqin paytda) o‘tkazish rejalashtirilgan.


Joriy yilda respublika miqyosida oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni keskin oshib, 1 mln 484 mingga yetganligini, sinov imtihonlari viloyat markazlaridagi stadionlarda o‘tkazilishi inobatga olib, mutasaddi tashkilotlar tomonidan xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Jumladan, test imtihonlarini abituriyentlar va nazoratchilar uchun epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash imkonini beradigan joyda o‘tkazish maqsadida Jizzax shahrida joylashgan mazkur sport majmuasi tayyor holatga keltirilmoqda.


Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan amaliy taktik mashg‘ulotda mazkur muassasaning xavfsizlik holati sinovdan o‘tkazildi. Tadbir davomida o‘rindiqlarning joylashuvi, evakuasiya yo‘llarining va yong‘inga qarshi jihozlarning tayyorligi tekshirildi. Shuningdek, favqulodda vaziyat yuzaga kelganida tezkor xizmatlarning harakatlari belgilab olindi.

“So‘g‘diyona" sport majmuasida 14 ta yong‘inga qarshi suv olgichlar mavjud bo‘lib, 4-5 atm. bosimida suv berish imkoniyatiga ega.


Muassasa perimetri bo‘ylab joylashgan ushbu jihozlar yong‘in vaqtida suv bilan to‘liq ta’minlash imkoniyatiga ega. Bundan tashqari test sinovlari bo‘layotgan joyda har 30 metr masofada birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan jihozlanadi. Chiqish joylariga yong‘inga qarshi qalqonlar o‘rnatiladi. Muassasada mavjud 2 ta elektr transformatori favqulodda vaziyatlarda muassasani yuqori kuchlanishdan uzish, shu bilan birga evakuasiya yo‘llarini yoritilishini ta’minlash maqsadida texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, avariya saqlagichlari ishchi holatga keltirildi.

Test sinovlari bo‘lib o‘tadigan kunda tez tibbiy yordam, yong‘in o‘chirish avtomobillari hamda qutqaruvchilar guruhlari xavfsizlikni ta’minlashga jalb etiladi. Bu har qanday ko‘ngilsiz vaziyatda tezkor harakat qilish imkonini beradi.

Tadbir yakunida, aniqlangan kamchiliklar to‘g‘risida mas’ul xodimlarga ma’lumot berildi va ularni qisqa muddatda bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Jizzax viloyati FVB Axborot xizmati