Janubiy Koreya universiteti filiali 240 nafar o‘zbekistonlik talabani o‘qishga qabul qiladi


Shu yil sentyabr oyida Puchon universiteti filiali yangi talabalarni o‘qishga qabul qiladi. O‘tgan yil dekabr oyida Puchon universiteti filialini ochish haqida kelishuvga erishildi. Fevral oyida bu borada bayonnoma imzolandi.

Mart oyi boshida Toshkentga universitet vakillari tashrif buyurishdi. Muzokaralar davomida filialning dastlabki joyi aniqlanib, 2018 yil 1 sentyabrdan o‘qish boshlanishi belgilandi. Bu yerda 4 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘qish ochiladi. Birinchi o‘quv yilida 240 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi Talabalar 3 yillik bakalavriat dasturi bo‘yicha tahsil oladilar", — deb ta’kidladi maktabgacha ta’lim vaziri Agrepina Shin o‘zbek-koreya biznes forum chog‘ida.

Yangi oliygohning fakultetlardan biri maktabgacha pedagogika va psixologiya sohasida kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan. Qolgan fakultetlar haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.

Puchon universiteti — Janubiy Koreyadagi eng yetakchi oliygohlardan biri hisoblanadi. Unda 26 ta fakultet faoliyat ko‘rsatadi. Universitet gumanitar va texnik yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘plab o‘quv dasturlarni taklif qiladi. Shuningdek, uning tuzilmasiga maktabgacha ta’lim fakulteti va xorijiy talabalar uchun koreys tili o‘rganish markazi kiradi.

Bugungi kunda Toshkentda Janubiy Koreyaning Inxa universiteti mavjud. Kelajakda meditsina kadrlarini tayyorlash bo‘yicha filial ochiladi. Bunday oliygoh sifatida Inxa universitetining Meditsina maktabi bo‘lishi mumkin.


Manba: sof.uz