IIV Akademiyasi kunduzgi ta`limiga nomzodlar qanday tanlab olinadi?


O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta`lim shakliga nomzodlar tanlovini o‘tkazish bo‘yicha metodikalar tasdiqlandi.

Mazkur Metodikalar Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 dekabrdagi 958-son “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi va sirtqi ta`lim shakllariga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida"gi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi va sirtqi ta`lim shakllariga tanlash va o‘qishga qabul qilishda nomzodlarni psixofiziologik o‘rganish, yozma ish o‘tkazish, nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini, chet tillarini o‘zlashtirganligini baholash hamda ularni yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan o‘tkazish uslublarini belgilaydi.

Psixofiziologik o‘rganish metodikasi: psixofiziologik o‘rganish nomzodning psixofiziologik xislatlari va individual xususiyatlarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.

Psixofiziologik o‘rganish avtomatlashtirilgan psixofiziologik komplekslar yordamida amalga oshiriladi.

Psixofiziologik o‘rganish o‘tkaziladigan kunda nomzod maxsus jihozlangan xonaga kiritilishidan oldin unga mazkur Metodikada nazarda tutilgan psixofiziologik o‘rganish o‘tkazish tartibi, maxsus kompleksning texnik xususiyatlari, xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘zini qanday tutishi lozimligi tushuntiriladi hamda tegishli yo‘l-yo‘riqlar beriladi.

Psixofiziologik o‘rganish nomzodning hissiy (somatik), psixoemotsional holati yaxshi bo‘lgandagina o‘tkazilishi lozim.

Psixofiziologik o‘rganish boshlanishidan oldin o‘zini yomon his qilayotgan yoki sog‘lig‘idan shikoyat qilayotgan nomzodlar mazkur o‘rganishga qo‘yilmaydi.

Psixofiziologik o‘rganish har bir nomzod uchun alohida maxsus jihozlangan xonada o‘tkaziladi. Ushbu xona tabiiy yoki sun`iy holda yoritilgan hamda shovqindan himoyalangan bo‘lishi lozim. Xonada nomzodga ajratilgan joy qulay bo‘lishi kerak.

Psixofiziologik o‘rganish o‘tkaziladigan xonaga nomzodlar bir nafardan kiritiladi.

Nomzodning qo‘llariga maxsus kompleksning elektrodlari ulanadi. Nomzodga mazkur elektrodlar orqali 10 daqiqagacha bo‘lgan vaqt davomida kichik quvvatli elektr impulslar uzatiladi. Psixofiziologik o‘rganish davomida nomzod bilan muloqotga kirishishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Psixofiziologik o‘rganish davomida nomzod uzluksiz ravishda kuzatib turiladi. Psixofiziologik o‘rganish yakunida maxsus kompleks nomzodning psixofiziologik xususiyatini 5 ballik tizimda aniqlaydi.

Yozma ish o‘tkazish metodikasi: yozma ish nomzodning imloviy va tinish belgilariga oid (ishorat) savodxonlik darajasini hamda mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyatini baholash maqsadida o‘tkaziladi.

Yozma ish nomzodlar tomonidan bayon yoki insho yozish orqali amalga oshiriladi. Yozma ishning bayon yoki insho yozish shaklida o‘tkazilishi qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Yozma ish o‘tkazish uchun tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishuv asosida malakali mutaxassislar jalb qilinishi mumkin. Bayonning matnlari va inshoning mavzulari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta`limi fanlarining o‘quv dasturlariga muvofiq shakllantiriladi.

Bayonning matnlari va (yoki) inshoning mavzulari 1 iyun kuniga qadar qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi. Tasdiqlangan matn va (yoki) mavzular qabul komissiyasi kotibi tomonidan nomzodlar sonidan kelib chiqib ko‘paytiriladi va ularning zarur miqdorda, xato va kamchiliklarsiz bo‘lishi uchun u mas`ul hisoblanadi. Matn va (yoki) mavzular qabul komissiyasi kotibida saqlanadi va u ularning oshkor qilinmasligi uchun mas`ul hisoblanadi.

Nomzodlarga bayon matni bir marotaba tushunarli va to‘liq o‘qib eshittiriladi. Bayon matnining hajmi 250 - 300 ta so‘zdan iborat bo‘ladi. Bayon matni o‘qib eshittirilgandan keyin nomzodlarga bayon yozish uchun 2 akademik soat (80 daqiqa) vaqt beriladi. Bayon yozish vaqtida nomzodlarga bayon matnining takroran o‘qib eshittirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Nomzodlar tomonidan yozilgan bayon “30" ballik tizimda baholanadi.

Bayon

  • matn mazmuni to‘g‘ri, mantiqli va izchil bayon etilgan, so‘z boyligi, ran qurilishi va ifoda uslubi adabiy til talablariga mos bo‘lib, matn mazmuniga ijodiy yondashilgan, savodxonlikda 1 ta imloviy va 2 ta ishoratga oid xatolikka yo‘l qo‘yilgan, umumiy xatolar 3 tadan oshmagan deb topilganda - “30" ball bilan baholanadi;
  • matn mazmuni to‘g‘ri, mantiqli va izchil bayon etilgan, so‘z boyligi, ran qurilishi va ifoda uslubi adabiy til talablariga mos bo‘lib, matn mazmuniga ijodiy yondashilgan, savodxonlikda 2 ta imlo, 3 ta ishoratga oid va 1 ta uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan, umumiy xatolar 6 tadan oshmagan deb topilganda - “25" ball bilan baholanadi;
  • fikr bayonida mantiqiy izchillik buzilgan, so‘z tanlashda va ifoda qurilishida kamchiliklar kuzatilgan, matnda mavzudan chetga chiqish holatlari kuzatilgan, savodxonlikda 4 ta imlo, 4 ta ishoratga oid va 2 ta uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan, umumiy xatolar 10 tadan oshmagan deb topilganda - “20" ball bilan baholanadi;
  • matn bayonida mantiqiy izchillik yetishmagan, ran tuzishda kamchiliklar kuzatilgan, so‘z boyligi kam, savodxonlikda 5 ta imlo, 6 ta ishoratga oid va 3 ta uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan, umumiy xatolar 14 tadan oshmagan deb topilganda - “15" ball bilan baholanadi;
  • matn bayonida mantiqiy izchillik buzilgan, so‘z boyligi kam, savodxonlikda 7 ta imlo, 8 ta ishoratga oid va 5 ta uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan, umumiy xatolar 20 tadan oshmagan deb topilganda - “10" ball bilan baholanadi;
  • mavzu ochilmagan, fikrlar bir-biriga bog‘lanmagan, savodxonlikda 7 tadan ortiq imlo, 8 tadan ortiq ishoratga oid va 5 tadan ortiq uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan, bayonning mazmuni boshqa mavzuda yozilgan, umumiy xatolar 20 tadan ortiq deb topilganda - “0" ball bilan baholanadi.

Nomzodlarga insho mavzusi bir marotaba tushunarli va to‘liq o‘qib eshittiriladi. Nomzodlarga insho yozish uchun 3 akademik soat (120daqiqa) vaqt beriladi. Nomzodlar tomonidan yozilgan insho “30" ballik tizimda baholanadi.

Insho

  • reja mustaqil va ijodiy tuzilgan, mavzu mantiqiy izchillikda va batafsil yoritilgan, so‘z boyligi, gan qurilishi va ifoda uslubi adabiy til talablariga mos bo‘lib, mavzu mazmuniga ijodiy yondashilgan, xulosalar to‘g‘ri chiqarilgan, savodxonlikda 3 ta imloviy va 6 ta ishoratga oid xatolikka yo‘l qo‘yilgan, umumiy xatolar 9 tadan oshmagan deb topilganda - “30" ball bilan baholanadi;
  • reja mustaqil tuzilgan, mavzu batafsil yoritilgan, adabiy til talablariga mos yozilgan, ammo fikrni bayon qilishda ijodiy yondashilmagan, savodxonlikda 6 ta imlo, 9 ta ishoratga oid va 3 ta uslubiy xatolikka yul qo‘yilgan, umumiy xatolar 18 tadan oshmagan deb topilganda - “25" ball bilan baholanadi;
  • reja mustaqil tuzilgan, mavzu izchil bayon etilmagan, adabiy til talablariga mos yozilgan, ammo fikr mantiqiy ketma-ketlikda bayon qilinmagan, savodxonlikda Yuta imlo, 12 ta ishoratga oid va 6ta uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan, umumiy xatolar 28 tadan oshmagan deb topilganda - “20" ball bilan baholanadi;
  • reja mavzu doirasidan chetga chiqqan holda tuzilgan, mavzu to‘liq va mantiqiy ketma-ketlikda yoritilmagan, savodxonlikda 12 ta imlo, 15 ta ishoratga oid va 8 ta uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan, umumiy xatolar 35 tadan oshmagan deb topilganda - “15" ball bilan baholanadi;
  • reja mavzu doirasidan chetga chiqqan holda tuzilgan, mavzu to‘liq va mantiqiy ketma-ketlikda yoritilmagan, savodxonlikda 15 ta imlo, 18 ta ishoratga oid va 10 ta uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan, umumiy xatolar 43 tadan oshmagan deb topilganda - “10" ball bilan baholanadi;
  • mavzu ochilmagan, fikrlar bir-biriga bog‘lanmagan, savodxonlikda 15 tadan ortiq imlo, 18tadan ortiq ishoratga oid va 10tadan ortiq uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan, bayonning mazmuni boshqa mavzuda yozilgan, umumiy xatolar 43 tadan ortiq deb topilganda - “0" ball bilan baholanadi.

Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash metodikasi: nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasini baholash ularning mazkur Metodikada nazarda tutilgan mashqlarni bajarishlarini tekshirish orqali amalga oshiriladi. Umumjismoniy tayyorgarlik mashqlarini bajarish boshlanishidan oldin nomzodlarga qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan mashqlarni bajarishga qo‘yiladigan talablar, mezonlar hamda mashqlarni bajarish tartibi tushuntiriladi. Nomzodlar umumjismoniy tayyorgarlik mashqlarini bajarishda sport kiyimida bo‘lishlari shart. Nomzodlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan umumjismoniy tayyorgarlik mashqlari va ularni bajarishga qo‘yiladigan talablar yigitlar va qizlar uchun alohida belgilanadi.

Quyidagilar yigitlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan umumjismoniy tayyorgarlik mashqlari hisoblanadi:

  • to‘sinda (turnikda) tortilish;
  • 100 metrga yugurish;
  • 3000 metrga yugurish.

Quyidagilar qizlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan umumjismoniy tayyorgarlik mashqlari hisoblanadi:

  • kuch ishlatish mashqlari kompleksi;
  • 100 metrga yugurish;
  • 1000 metrga yugurish.

Umumjismoniy tayyorgarlik mashqlarini bajarish oraligida nomzodlarga dam olish uchun kamida 10 daqiqa vaqt beriladi.