Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 393-sonli qaroriga asosan, har bir tuman (shahar)dagi bir umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida bolalarni yoshligidan vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan “Jasorat maktabi” tashkil etilgan.
Bu maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish jarayoni 5-sinfdan boshlanadi. “Jasorat maktabi”da ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘quv yili davomida ikki marotaba harbiy poligonlarda, har chorakda esa harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlarda qatnashadilar.
Hozirda respublika bo‘yicha jami 208 ta maktab shunday harbiy yo‘nalishga ega ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili uchun “Jasorat maktabi”ga hujjatlar iyun oyida qabul qilinadi.
Talabgor o‘quvchilar va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish maqsadida 1206 qisqa raqamli call-markaz ishga tushirilgan bo‘lib, ushbu raqam orqali murojaatchilarning savollariga javob beriladi.
Shuningdek, maxsus piima_admission chatbot ham yaratildi. Bundan tashqari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining barcha hududiy boshqarmalarida maxsus shtablar tashkil etilgan bo‘lib, ular har kuni 09:00 dan 18:00 gacha faoliyat ko‘rsatadi. Bu shtablarda malakali mutaxassislar tomonidan hujjat topshirishni istaganlarga amaliy yordam ko‘rsatiladi.
2025/2026-o‘quv yili uchun hujjatlarni qabul qilish jarayoni iyun oyida onlayn tarzda ariza.piima.uz saytida amalga oshiriladi. Kirish imtihonlari esa iyul-avgust oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab “Jasorat maktabi”ni a’lo baholarga bitirgan va “Vatan tayanchi” otryadining a’zosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga oliy harbiy, harbiylashtirilgan va yuridik oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
“Jasorat maktablari”ga biriktirilgan chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani rahbarlariga esa umumta’lim muassasasi o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkasi asosida to‘lov amalga oshiriladi. Shuningdek, ularga tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarining fuqaro xodimlari uchun belgilangan ustama, qo‘shimcha to‘lovlar, rag‘batlantirish va moddiy yordam shartlari ham qo‘llaniladi.