Hindistonning "Amity" xususiy universitetining Toshkent shaxrida filiali ochiladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Hindiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi AKT sohasida Hindistonlik hamkorlar bilan bir qator shartnomalarni imzoladi. 

Unga ko‘ra:

- Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Dehli Hindiston Texnologiya instituti (IITD) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi. Memorandum universitetlar o‘rtasida akademik almashinuvga (talabalar almashinuvi, o‘qituvchilar, tadqiqotchilar), TATU o‘qituvchi-professorlarining malakasini oshirishga, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish va boshqalarga qaratilgan.

- Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Hindistonning yetakchi kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish markazi (CDAC) o‘rtasida TATU qoshidagi Javaharlal Neru nomidagi O‘zbekiston-Hindiston Axborot texnologiyalari markazini yanada takomillashtirish bo‘yicha kelishuv.

- Hindistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar natijalariga ko‘ra, Hindistondagi "Amity" yetakchi oliy o‘quv yurtining Toshkent shahridagi filialini ochish masalasini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.  

Tashrif arafasida Amity universiteti bilan muzokaralar olib borildi va natijada Toshkentda universitet filialining ochilishi bo‘yicha birgalikdagi ish boshlanishi haqida kelishuvga erishildi.

Amity universiteti (Amity University) - Hindistondagi yetakchi xususiy notijorat oliy ta'lim muassasasidir. O‘quv yurtining asosiy binosi Noida shahrida joylashgan bo‘lib, 11 ta shaharda (Mumbay, Jaypur, Kolkata va boshqalar) kampuslari, shuningdek, Nyu-York, London, Dubay, Singapur, Xitoy, Janubiy Afrika va boshqa joylarda filiallari joylashgan. “Times Higher Education" va “QS Ranking" xalqaro reyting kompaniyalarining xulosasiga ko‘ra, universitet dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib, Osiyodagi eng yaxshi 300 ta universitetlardan biri hisoblanadi. Universitet 150 mingdan ziyod talaba tahsil olayotgan yirik ta'lim muassasasidir.

Manba: mitc.uz