Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni, prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyul kuni harbiy ta’lim tizimini takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotdagi taklifga ko‘ra, Qurolli Kuchlar akademiyasi isloh qilinib, uning negizida O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Mudofaa vazirligining barcha harbiy ta’lim muassasalari – 5 ta institut, Serjantlar tayyorlash oliy maktabi hamda Aviatsiya va uchuvchisiz uchish apparatlari mutaxassislarini tayyorlash markazi institut maqomida mazkur universitet tarkibiga o‘tkaziladi.
Ta’kidlanishicha, bu markazlashgan vertikal tizimni hosil qilib, qo‘shinlarning jangovar salohiyatini oshirish, dual ta’limni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Serjantlar tayyorlash oliy maktabida armiyaning asosiy tayanchi bo‘lgan serjantlarni o‘qitish, ularda yetakchilik qobiliyatini shakllantirish, zamonaviy qurollar va yangi taktik usullar bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishning yangi tizimi joriy etiladi.
Yangiliklardan yana biri – tor doiradagi ixtisosliklar bo‘yicha «2+2» tartibi yo‘lga qo‘yilishidir. Ya’ni, psixolog, aloqachi, ta’minotchi, omborchi kabi 18 xil yondosh soha mutaxassislari boshqa oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqich talabalari orasidan saralab olinadi.
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, yangi o‘quv yilidan boshlab, bitiruvchi bosqich kursantlari uchun tanlov asosida «Oliy Bosh Qo‘mondon» davlat stipendiyasi joriy etiladi. Mazkur stipendiya sohibi bakalavriatni tamomlaganidan so‘ng, 5 yil mobaynida oliy harbiy ta’lim muassasalarining magistraturasiga imtihonlarsiz qabul qilinadi.
Endi oliy harbiy ta’lim muassasalarining 36 ta ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari biryo‘la ikkita diplom – fuqarolik va harbiy kasbga mo‘ljallangan mutaxassislik egasi bo‘ladi. Ushbu islohotlarga yarasha harbiy pedagoglarni saralash va tanlashga ham talab kuchayadi. Jumladan, harbiy pedagoglarni yetakchi xorijiy davlatlarda o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Taqdimotda ushbu takliflar ma’qullandi va ularni amaliyotga samarali tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.