Harbiy tavsiyanomasi tasdiqlanmay qolgan abituriyentlar balli yetsa, hech qanday muammosiz talaba bo‘ladi – DTM direktori


Davlat test markazi direktori Majid Karimovga ko‘ra, 1 800 nafar abituriyentning harbiy tavsiyanoma imtiyozi bilan bog‘liq muammosi 3-4 kun ichida hal bo‘ladi. Agar abituriyentlarning balli o‘zi topshirgan yo‘nalishga yetsa, ular muammosiz talaba bo‘ladi.

OTMlarga kirish uchun harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyozi hisoblanmay qolgani ortidan ular bir necha marta Davlat test markazi binosi oldida to‘plandi. Birinchi marta 5 oktyabrda norozilik bildirgan abituriyentlar bugun ham Davlat test markazi binosi oldiga yig‘ilgan.

Muammo 1 800 abituriyentning harbiy tavsiyanoma imtiyozi OTMlarga kirish imtihoni jarayonida tasdiqlanmay va oqibatda, umumiy kvotadan tashqari 5 foizlik kvota doirasida hisoblanmay qolgani bilan bog‘liq. Imtiyozi hisoblanmagan abituriyentlarning aksari o‘zi hujjat topshirgan OTMlarning «harbiylar uchun o‘tish balli»dan yuqoriroq to‘plagan bo‘lsa-da, talabalikka qabul qilinmagan.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Davlat test markazi direktori Majid Karimovning abituriyentlar bilan uchrashganida tushuntirish bergan ovozli yozuvi tarqaldi. Ovoz aynan Majid Karimovga tegishli ekanini DTM matbuot xizmati Kun.uz’ga tasdiqladi.

Majid Karimovning tushuntirishicha, harbiy tavsiyanoma bilan ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning tavsiyanomalari tasdiqlash uchun tegishli vazirliklarga yuborilgan. Tavsiyanomalarning 1 800tasi vazirliklar tomonidan tasdiqlab berilmagan. Shuning uchun ular imtihonda alohida kvotada hisoblanmagan.

«Hozir imtiyozlarni hisoblash ishlari bormoqda. Bosh vazir qolib ketgan barcha harbiy imtiyozlarni tasdiqlab, qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini bergan. 1 800ta imtiyozning katta qismi tasdiqlab berildi, faqat ma'lum qismi tasdiqlanishi kutilmoqda. Agar kimning imtiyozi asosli bo‘lsa, muammosi hal bo‘ladi, asossiz bo‘lsa ham, biz izohini beramiz.

Agar ballingiz tortilgan chiziqdan tepada bo‘lsa, hammangiz talaba bo‘lasiz. Qabul komissiyasi raisining shaxsan o‘zi qo‘shimcha kvota berilishini va harbiy imtiyozi tasdiqlanadiganlarning talabalikka qabul qilinishini aytgan. Bundan oldin talaba bo‘lganlar ham chiziqdan pastga tushib ketmaydi», – degan Majid Karimov abituriyentlar bilan uchrashuvda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, abituriyentlar «yana ozgina kutib turishlari kerak. Uzog‘i bilan 3-4 kunda ish tugaydi. Har bir abituriyentning shaxsiy kabinetida kirgan-kirmagani yoziladi».

Manba: KUN.UZ