Qabul-2023: 50 mingdan ortiq xotin-qizga o‘qishga kirish uchun tavsiyanoma berildi


Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlarga ajratilgan qo‘shimcha grant va kontrakt kvota uchun 50,6 ming xotin-qizga 2 ta turdagi tavsiyanoma berildi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotli bo‘lmagan, o‘rta maxsus yoki professional ta’lim muassasalarini tamomlagan 12 563 nafar talabgorlar tavsiyanoma olish uchun murojaat qilgan va ularning 11,9 ming nafariga tavsiyanoma berilgan.

Ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan 50 668 nafar talabgor xotin-qizlardan arizalar xotin-qizlar.uz elektron platformasi orqali qabul qilindi. Ularning 38,7 ming nafariga tavsiyanoma berildi.

“Talabgorlarning mobil telefon raqamiga tavsiyanoma berishga tavsiya etilgani yoki rad etilgani to‘g‘risidagi xabar yuborildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tavsiyanoma olgan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlarni Bilim va malakalarni baholash agentligi bazasiga kiritish choralari ko‘rilmoqda", deyiladi qo‘mita xabarida.

Eslatib o‘tamiz, tavsiyanoma ma’lumotlarini OTMga hujjat topshirayotganda alohida kiritib o‘tirish shart emas. Ma’lumotlar avtomatik ravishda to‘ldiriladi. Hozir tavsiyanoma ma’lumotlari bazaga kiritilyapti. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi 15 iyulgacha tavsiyanoma ma’lumotlarini Bilim va malakalarni baholash agentligi bazasiga kiritib ulgurishi kerak.