Harbiy kafedralar: qaysi oliygohlarda harbiy ta'lim olish mumkin? (1-qism)


Oliy ta’lim muassasalar (OTM)ning kunduzgi bo‘limida o‘qiyotgan erkak talabalari, shuningdek tibbiy OTM talabalari jinsidan qat’iy nazar harbiy tayyorgarlikdan o‘tadilar (o‘qitishga jalb qilinadigan ayol talabalar soni umumiy talabalar sonining 10 % dan oshmasligi kerak).

Harbiy tayyorgarlikka 27 yoshgacha (OTM rektorining talabalarni harbiy tayyorgarlikka jalb qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqarilgan kunda) bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli va saralash tanlovidan o‘tgan talabalar jalb qilinadilar.

Harbiy-hisob ixtisosliklari (bundan buyon matnda HHI deb yuritiladi) bo‘yicha rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash dasturi talabalar harbiy tayyorgarligining asosiy hujjati hisoblanadi.

Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

harbiy ta’lim fakulteti – OTM bazasida tashkil qilinadigan harbiy o‘quv va ma’muriy bo‘linma hisoblanib, ushbu ta’lim muassasasida tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi bo‘limda o‘qiydigan talabalar orasidan rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash maqsadida uzluksiz o‘quv-tarbiyaviy jarayonni o‘tkazilishini ta’minlaydi;

harbiy kafedra – OTM tarkibiga kiruvchi harbiy o‘quv bo‘linma hisoblanib, OTMda tahsil olayotgan talabalar orasidan bir yoki bir nechta HHI bo‘yicha rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash maqsadida o‘quv-tarbiyaviy va metodik ishlarni amalga oshiradi;

sikl (kurs) – OTM harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedrasi)ning o‘quv-metodik bo‘linmasi hisoblanib, alohida fanlar bo‘yicha o‘qitishni, OTMda tahsil olayotgan talabalar orasidan bir yoki bir necha turdosh HHI bo‘yicha rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar tayyorlashni amalga oshiradi.

Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida OTM talabalari orasidan rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash quyidagicha tashkil qilinadi:

  • “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim" yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan harbiy ta’lim fakultetlarida – 2 yil davomida, 2- va 3-kurslarda; 
  • tibbiy OTM harbiy kafedralarida – 2 yil davomida bir yil, 3- va 4-kursda; 
  • qolgan OTM harbiy kafedralarida – bir yil, 3-kursda. 

Harbiy tayyorgarlikdan o‘tish uchun talabalarni saralash tanlov asosida amalga oshiriladi:

Saralash tanlovi

“Chaqiriqqacha harbiy ta’lim" yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan harbiy ta’lim fakultetlarida – abituriyentlar OTMga o‘qishga qabul qilinishida o‘tkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihon topshirish davomida;

  • tibbiy OTM harbiy kafedralarida – OTMda ta’lim olishning ikkinchi kursi oxirida saralash tanlovi jarayonida; 
  • boshqa OTM harbiy kafedralarida – OTMda ikkinchi kurs oxirida saralash tanlovi jarayonida. 

Saralash tanlovi o‘tkazilishidan oldin OTMning turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ega fakultetlarida talabalar bilan tushuntirish ishlari tashkillashtiriladi.

Kasbiy (ijodiy) imtihondan ko‘zlangan asosiy maqsad abituriyentlarning tanlangan fan bo‘yicha bilim va malakalari darajasini, ularning tanlangan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olish va kelgusida ishlash imkoniyatini aniqlovchi ijodiy, jismoniy va fiziologik qobiliyatlarini baholashdan iborat.

Kasbiy (ijodiy) imtihon topshirishga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega, shaxsiy arizalariga binoan (OTM rektori nomiga, o‘z qo‘li bilan) ixtiyoriy ravishda harbiy tayyorgarlikni o‘tash istagini bildirgan abituriyentlarga ruxsat etiladi.

Saralash tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad tushuntirish ishlarini o‘tkazish, harbiy kafedrada ta’lim olishi va keyinchalik harbiy mutaxassislik bo‘yicha xizmat qilish imkonini belgilashda muhim o‘rin tutadigan talabalarning umumjismoniy tayyorgarlik va chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik dasturini bilish darajalarini baholash.

Saralash tanloviga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega, shaxsiy arizalariga binoan (OTM rektori nomiga, o‘z qo‘li bilan) ixtiyoriy ravishda harbiy tayyorgarlikni o‘tash istagini bildirgan, salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli talabalarga ruxsat beriladi.

Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida ta’lim olish uchun talabalarni saralash tanlovining asosiy mezonlari quyidagilardan iborat:

  • tibbiy ko‘rik; 
  • shaxsiy-ruhiy o‘rganish; 
  • OTMda ta’lim olish jarayonida o‘zlashtirilgan bilimlar darajasi natijalari; 
  • umumjismoniy tayyorgarlikni baholash; 
  • chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikdan bilim darajasini baholash. 

Talabalarni harbiy xizmatga yaroqlililigini tekshirish bo‘yicha tibbiy ko‘rik o‘rnatilgan tartibda OTM joylashgan hududiy mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarma (bo‘lim) tibbiy komissiyalari tomonidan harbiy ta’lim fakulteti (harbiy kafedra) boshlig‘ining so‘rovnomasiga binoan amalga oshiriladi.

Tibbiy ko‘rik o‘tkazish muddati va joyi MV tomonidan belgilanadi.

Shaxsiy-ruhiy o‘rganish MV ruhshunos mutaxassislari tomonidan ruhiy test o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Ruhiy test natijalari bo‘yicha quyidagi xulosalar chiqariladi:

  • harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga qabul qilish uchun tavsiya etiladi; 
  • harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga qabul qilish uchun tavsiya etilmaydi. 

Ruhiy test natijalari bo‘yicha harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga qabul qilish uchun tavsiya etilmagan talabalar saralash tanlovining keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.

OTMdagi ta’lim jarayonida o‘zlashtirilgan bilimlar darajasi natijalari OTMdagi harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga qabul qilishdan oldingi o‘qish davrida to‘plangan ballar yig‘indisidan tarkib topadi.

Talabalarning umumjismoniy tayyorgarligini baholash MV mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi. Talabalarning umumjismoniy tayyorgarligi belgilangan talablarga muvofiq baholanadi.

Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing.

Manba: mudofaa.uz