Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishni xohlagan nomzodlar tomonidan mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- ariza (bildirgi);
- pasport nusxasi;
- tugʻilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
- chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi;
- nomzod tomonidan qoʻlda yoki kompyuterda yozilgan tarjimai hol;
- anketa (toʻldirilgan holatda);
- oʻqish, ish (xizmatni oʻtash) agar oʻqiyotgan yoki ishlayotgan (xizmatni oʻtayotgan) boʻlsa oʻsha joydan maʼlumotnoma;
- ota-onasining ish joyidan maʼlumotnoma (agar ishlayotgan boʻlsa);
- ota-onasidan farzandining oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishiga rozilik xati;
- maʼlumoti toʻgʻrisidagi (umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar) hujjatlar (asli va nusxasi) hamda reyting daftarchasi (baholar tabeli) nusxasi;
- oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (asli va nusxasi);
- yaqin qarindoshlar orasida vafot etganlar boʻlsa, ularning oʻlim haqida guvohnomasining nusxasi;
- 3×4 sm oʻlchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz) hamda 4,5×6 sm oʻlchamdagi 4 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);
- nomzodning yashash joyidagi hududiy ichki ishlar organidan jinoiy javobgarlikka tortilmaganligi va sudlanmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma (kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar mazkur maʼlumotnomani taqdim qilishi talab etilmaydi).
Nomzoddan ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish uchun qoʻshimcha ravishda zarur hujjatlar va maʼlumotlar talab qilinishi yoki tegishli tashkilotlardan soʻrab olinishi mumkin.
Nomzodlar tomonidan hujjatlarni taqdim etishda pasport, tugʻilganlik haqida guvohnoma, chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoxud chaqiriluvchining harbiy guvohnomasi shaxsan koʻrsatiladi.
Oliy harbiy taʼlim muassasasining qabul komissiyasi nomzodlar belgilangan qoidalarga, harbiy va xizmat intizomiga rioya qilmagan taqdirda ularni oʻqishga qabul qilish boʻyicha tanlashning istalgan bosqichida chetlatish huquqiga ega.
Manba: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati