Fransiya O‘zbekistonda turizm bo‘yicha "onlayn-ta’lim"ni yo‘lga qo‘yishda ko‘mak beradi


O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarov Parij Turizm akademiyasining hammuassisi va masofaviy ta`limni rivojlantirish direktori Klod Banvar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda "onlayn-ta`lim"ni tashkillashtirish va fransuz masofaviy ta`limini tatbiq etish masalasi muhokama etildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Fransiyalik mutaxassis Akademiya faoliyati 2016 yilda Fransiya turizmni rivojlantirish agentligi (Atout France) bilan hamkorlikda tashkillashtirilganini ta`kidladi. Loyihaning umumiy narxi 1 million AQSh dollaridan ortiqni tashkil qilgan. Bugunga kelib ushbu akademiyada 3500 talaba masofadan turib ta`lim olmoqda.

Loyiha Belgiya, Germaniya, Xitoy, Ispaniya, Italiya va Niderlandiya tajribasini o‘rganishga asoslangan sakkiz akademik kursni o‘z ichiga oladi. Janob Bonavrning fikricha, internet maydonida foydalanuvchilar masofaviy ta`limga katta qiziqish bildirishmoqda. Fransiyaning mashhur universitetlari mamlakatning turizm sohasidagi yetakchi pozitsiyasini inobatga olgan holda ma`ruzalar yozish va sotishga tayyor.

Fransiyalik mutaxassis mazkur dasturlar O‘zbekiston bozorida ham katta muvaffaqiyat va e`tirofga erishishiga ishonch bildirdi. Fransiya tomon O‘zbekistonda masofaviy ta`limni yo‘lga qo‘yishda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma`lum qildi.

Klod Banvar O‘zbekiston bilan hamkorlikning birinchi bosqichida uch muhim punktga e`tibor qaratdi:

  • Fransiya onlayn-ta`lim tajribasini o‘rganish;
  • dasturni O‘zbekiston sharoitlariga moslashtirish va uni ingliz hamda rus tillariga tarjima qilish;
  • Akademiyaning rasmiy hamkori maqomiga ega Anji Universiteti qoshida Ko‘chmas mulkka texnik xizmat ko‘rsatish hamda xavfsizlik, turizm va mehmonxona biznesi, turizm injineriyasi institutiga o‘xshash turizm fakultetini ochish.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Akademiya o‘quv platformasida O‘zbekistonning bir vakili uchun bepul kirish imkoni berilishiga kelishib olindi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Ikki tomon ham Fransiya akademiyasi O‘zbekistonga sarmoya kirituvchi muassasa sharoitlarini muhokama qilish va ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Manba: kun.uz