Finlyandiyaning «JAMK» universiteti bilan hamkorlikda tibbiyot menejerlari tayyorlanadi


O‘zbekiston Respublikasidagi Finlyandiya Konsuli ko‘magida Toshkent davlat stomatologiya instituti rahbariyati tomonidan Finlyandiyaning yetakchi universitetlari tajribasi o‘rganildi. Muzokaralar natijasida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, Finlyandiyaning «JAMK» universiteti bilan «Sog‘liqni saqlashda menejment» magistratura qo‘shma ta’lim dasturini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Joriy yilning 11-12 aprel kunlari o‘tkazilgan o‘zbek-finlyandiya biznes-forum doirasida Toshkent davlat stomatologiya instituti va «JAMK» universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzonaldi. Endilikda ushbu hujjat asosida ikki yillik ta’limni muvaffaqiyatli tugatgan magistrlar har ikkala oliy o‘quv yurtining diplomini olishadi.

«JAMK» universiteti ko‘p tarmoqli oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, unda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy izlanishlar yo‘nalishida milliy va xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib boriladi.

Manba: xabar.uz