Farg‘ona politexnika instituti bugungi kunda o‘ndan ortiq davlatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Farg‘ona politexnika institutida Vladimir Shuxov nomidagi Belgorod davlat texnologiya universiteti bilan hamkorlikda texnologik jihozlar va komplekslar qo‘shma fakulteti ochildi. Fakultetni tashkil etishdan maqsad o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli integratsion aloqalarni takomillashtirish asosida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdir.
Shuningdek, politexnika instituti Qirg‘izistonning Musa Adishev nomidagi O‘sh texnologiya universiteti, Belarus davlat texnologiya universiteti va akademik Muhammad Osimiy nomidagi Tojikiston texnika universiteti bilan talabalarni o‘qitish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyotini joriy etish bo‘yicha shartnoma tuzgan.
2018—2019-o‘quv yilida o‘quv jarayoniga 32 nafar xorijiy professor-o‘qituvchilar, olimlar va mutaxassislarni tashrif jadvali shakllantirildi. V.G.Shuxov nomidagi Belgorod davlat texnologiya universiteti, Ufa davlat neft-texnika universiteti, Voronej davlat texnika universiteti, Novosibirsk davlat universiteti hamda Sankt-Peterburg fizika-texnika institutidan professorlar kelib, talaba va magistrlarga, ilmiy tadqiqotchilarga fizika, matematika, kimyo hamda texnika fanlarining zamonaviy yutuqlari haqida ma’ruza qildi.
Manba: daryo.uz