Abduqodir Toshqulov talabalarning yaxshiroq yo‘nalishga o‘qishini ko‘chirib olishi holatlari ko‘payganini, bu jarayonda korrupsion elementlar saqlanayotganini bildirib, joriy yildan faqatgina 2 toifa talabalarigagina vazir xati bilan o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berilishini ma’lum qildi.
Bugun, 7 iyun kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov so‘zga chiqib, oliy ta’lim tizimida maishiy korrupsiya hamon saqlanib qolayotgani, bu, asosan, o‘qishni ko‘chirish jarayonlarida kuzatilayotganini ma’lum qildi.
“Hali ham oliy ta’limda korrupsiya mavjud, degan fikrlar bor baribir. Ming afsus, maishiy korrupsiya holatlari uchrayapti, lekin tizimli korrupsiyani biz yo‘qotdik. Bunga vazir sifatida kafolat beraman. Korrupsiyaning elementlari o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq jarayonda saqlanib qolayotgandi. Lekin biz bu yil faqatgina 2 ta shart bilan o‘qishni ko‘chirishga ruxsat oldik. Endi talaba:
- Turmush qursa;
- Davlat xizmatchisining ishi boshqa joyga o‘tsagina o‘qishini ko‘chira oladi", dedi vazir.
Abduqodir Toshqulovning qayd etishicha, o‘qishni ko‘chirishda vazir xati talab etiladi. Boshqa toifalardagi talabalarga hech qaysi holatda o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.
O‘tgan yili 60 ming talaba o‘qishini boshqa OTMga ko‘chirish uchun hujjat topshirgan. Masalan, tuproqshunoslikda o‘qiyotgan talaba biologiyada o‘qishni xohlagan.
“Talaba birinchi kursdanoq maqsadini aniq belgilab olishi kerak. Bu yil jami 150 ming talaba o‘qishini ko‘chirishga ariza topshirishi prognoz qilingan edi.
Buning o‘rniga akademik mobillikni qo‘llash mumkin. Masalan, rektorlar o‘zaro kelishib, Surxondaryodagi va Toshkentdagi talabalar almashib, 1-2 semestr o‘qiydi. Lekin diplomni bir joydan olishi kerak.
150 ming talabgor o‘qishini ko‘chirish uchun hujjat topshirishi nima degan gap? Bu – bir yillik kvota degani", dedi Abduqodir Toshqulov Parlamentdagi nutqida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil xorijiy OTMlardan O‘zbekiston OTMlariga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlar uchun ham o‘tish ballari ko‘tarilgan.