Prezident abituriyentlarga o‘qishga kirishda yana bir imkoniyat berilishini ma’lum qildi. Endi abituriyentlar 5 ta oliygohdan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, shu oliygoh rektori ularni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev abituriyentlarni o‘qishga qabul qilishga oid yana bir tashabbusni ilgari surdi.
«Biz abituriyentlarga 5 ta oliygohni tanlash imkonini berdik. Bu – oliy ta’limda katta sakrash, desak adolatdan bo‘ladi. Buni yanada kengaytiramiz», – dedi davlat rahbari.
Endilikda abituriyentlar 5 ta oliygohdan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, shu oliygoh rektori ularni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Bu davlat va xususiy oliygohlar o‘rtasida raqobatning rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlat rahbari rektorlar vakolatini kengaytirish va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish zarurligini ta’kidladi.
Endilikda, Yangi O‘zbekiston universitetining baholash tizimi oliygohlarda ham yo‘lga qo‘yiladi.
Moliyalashtirish oliygohlar to‘plagan ballariga qarab amalga oshiriladi.
Oliygohlarga bitiruvchilar bandligiga qarab – 40 ball, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab – 30 ball, ilmiy salohiyati, tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun – 20 ball; tadqiqotlar uchun jalb qilgan mahalliy va xorijiy grant uchun 10 ballgacha beriladi.
Masalan, Qarshi texnika universiteti jami ballarning 85 foizini to‘plasa, bu yilgi budjetdan berilayotgan 78 milliard so‘mga qo‘shimcha 20 foizlik bonus beriladi. Agar 56 foizdan kam to‘plasa, keyingi o‘quv yiliga moliyalashtirish qisqaradi.
Milliy universitet, Irrigatsiya kabi ilmiy oliygohlar, Madaniyat va san’at, Konservatoriya kabi ijtimoiy oliygohlarni texnika yo‘nalishidagi amaliy oliygohlar bilan tenglashtirib bo‘lmasligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga reyting mezonlarini ishlab chiqishda buni ham hisobga olish topshirildi.
Bundan buyon bitiruvchilarni ishga joylashda o‘zini o‘zi band qilganlik inobatga olinmasligi belgilandi.
Yangi O‘zbekiston universitetida rektorlar maktabi orqali rektor va prorektorlikka nomzodlar maqsadli tayyorlanadi.
O‘quv kursida eng yaxshi natija ko‘rsatgan rektorlikka nomzodlar malaka oshirish uchun Garvard universitetiga yuboriladi.
Ko‘p masalalarda rektorlarga mustaqillik beriladi. Avvalo, barcha oliygohlar tashkiliy va akademik mustaqil bo‘ladi.
Ya’ni, rektor o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlaydi (amaldagi tartibga ko‘ra, vazirlik bilan kelishish kerak).
Bunda har bir nomzod oliygoh kengashida o‘zining yillik dasturini himoya qiladi.
Rektorlar belgilangan moliyalashtirish va shtati doirasida professor-o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlarini o‘zi taqsimlaydi.
Bundan tashqari, rektorlarga superkontrakt summasini tabaqalashgan holda belgilash vakolati beriladi.