Hukumat qarori bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Bu haqida telegramdagi Huquqiy axborot kanali xabar bermoqda!
Nizomga muvofiq, universitet bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi: dastlabki imtihon (yozma) hamda Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan kirish test sinovlari orqali.
Yozma imtihon har yili universitet qabul komissiyasi tomonidan belgilanadigan muddatlarda tashkil etiladi. Uning qachon o‘tkazilishi kamida 10 kun avval universitet rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Hujjatlarni qabul qilish, abituriyentlar bilan suhbatlashish, dastlabki imtihonni topshirish jarayoni video va audio tizimlar yordamida yozib olinadi.
Yozma imtihon uch savoldan iborat bo‘lib, abituriyentga ikkinchi bosqichga – kirish test sinovlariga ruxsat berilishi uchun barcha savollar bo‘yicha umumiy ball miqdorining kamida 50 foizini to‘plashi zarur, ya’ni 50 ball.
Xorijiy tillar bo‘yicha yetakchi xalqaro va baholash tizimlarining amaldagi sertifikatlarning (IELTS, TOEFL va h.k.) minimal darajasiga ega bo‘lgan abituriyentlarga maksimal ball beriladi hamda ular ushbu fan bo‘yicha kirish imtihonlaridan ozod etiladi.
Shuningdek, Nizomda universitet magistraturasiga qabul qilish tartibi ham belgilangan. Unga ko‘ra, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qish muddati ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim oluvchilar uchun bir yilni, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim oluvchilar uchun ikki yilni tashkil etadi.