Davlat test markazi qoshida «Ilmiy-o‘quv amaliy markaz» tashkil etiladi


O‘zbekistonda test tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Testologiya va pedagogik o‘lchovlar, chet tilidan malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda sohada yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Markaziy Osiyoda testologiya bo‘yicha mintaqaviy ilmiy maktab yaratish maqsadida Davlat test markazi qoshida “Ilmiy-o‘quv amaliy markaz" davlat unitar korxonasi tashkil etiladi.

Quyidagilar Ilmiy-o‘quv amaliy markazining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • test materiallarini ishlab chiqish va ularning sifatini aniqlash, testologiya va pedagogik o‘lchovlar sohasidagi ilmiy tadqiqot natijalarini nashr etish;
  • test materiallarini ishlab chiqish va ularning sifatini aniqlash bo‘yicha mutaxassislar – testologlarni tayyorlash, shuningdek, bu borada mahalliy va xalqaro oliy ta'lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • shartnoma asosida qisqa va uzoq muddatli testologiya, pedagogik o‘lchovlar, chet tillari bo‘yicha tinglovchilarning malakasini oshirish, diagnostik test sinovlarini tashkil etish;
  • testologiya va pedagogik o‘lchovlar sohasida ilmiy izlanish olib boruvchi shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, xorij tajribalarni o‘rganish asosida milliy tizimni yaratishga takliflar berish;
  • xalqaro imtihon oluvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish.

Ilmiy-o‘quv amaliy markaz faoliyati shartnoma bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar hisobiga hamda zarurat bo‘lganda Davlat test markazining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Respublika hududlarida test sinovlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan katta sig‘imli bino va inshootlarni qurish uchun Davlat test markazi huzurida “Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi tashkil etiladi.

Injiniring kompaniyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan katta sig‘imli bino va inshootlarning namunaviy eskiz loyihasini belgilangan tartibda tayyorlash;
  • qurilish-pudrat tashkilotini tanlash bo‘yicha tender (tanlov) savdolarini tashkil etish va o‘tkazish;
  • qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish va obektlarni qabul qilib olish.

Davlat test markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 1 yanvardan boshlab yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Davlat test markazi boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlarini ikki yarim baravar miqdorida qo‘llash hamda bu bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni Davlat test markazi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.