Davlat test imtihonlari Kun.uz nigohida: birinchi kun


Mana, O‘zbekistonda abituriyentlar yil bo‘yi kutgan lahzalar boshlandi. Respublikaning turli hududlarida Oliy ta`lim muassasalariga qabul test imtihonlari boshlandi. Shu o‘rinda Toshkent shahrida ham keng qamrovda imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda. KUN.UZ ijodiy jamoasi mazkur voqealarni kuzatish maqsadida Toshkent shahridagi bir qator imtihon o‘tkazilayotgan binolarda bo‘ldi.

Mana shunday imtihon binolaridan biri bo‘lgan “O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalar majmuasiga bordik. Imtihonlarda avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada nazoratlar kuchaytirilgan. Har bir abituriyent maxsus tekshirish uskunalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tekshiruvidan o‘tib, keyin imtihonga kiritilmoqda. Imtihonlar umumiy katta binolar ichida o‘tkazilmoqda. Nazoratchilar binoning ichki qismida ham o‘z vazifasini bajarmoqda. Deyarli barcha shaffoflik va oshkoralik prinsipiga amal qilishga harakat qilmoqda.  

“Bu yilgi imtihonlar adolatli, oshkora va shaffof o‘tmoqda. Bilimi bo‘lgan abituriyent, albatta, talaba bo‘ladi. Ularga hamma sharoitlar yaratilgan. Bino ichi salqin", - deydi nazoratchilardan biri bo‘lgan Rahimjon Mamayunusov. Test nazoratlari belgilangan tartib-qoidalar asosida amalga oshirilmoqda. Bu so‘zlarni boshqa nazoratchilar ham tasdiqladi.

Respublikaning turli hududlaridan kelgan abituriyentlar bilan ham suhbatlashdik. Ularning fikriga ko‘ra, nazoratlar ancha kuchaytirilgan. Testlar darajasi ancha osonlashtirilgan. Ular bu yil imtihonlar shaffof o‘tayotganiga va talaba bo‘lish baxti faqat bilimi bor insonlarga nasib etishiga ishonishmoqda. Bir-biriga bog‘langan, ya`ni juda murakkab savollar soni kamaytirilgan.

Imtihon binolarining aksariyati yon qismida abituriyentlarni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan yaqinlariga tashkilotchilar tomonidan katta ekranlar joylashtirilgan. Ular katta ekranda to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z yaqinlarining imtihon topshirish jarayonini kuzatishmoqda. Mana shunday insonlardan birining suhbatini oldik. 

“Andijon viloyatidan keldim. Nevaramni kutib o‘tiribman. Haqiqat bo‘lsin, ey Alloh deb o‘tiribman. Chunki nevaram a`lo baholarga o‘qigan. Fan olimpiadalarining viloyat bosqichi g‘olibi bo‘lgan. Respublika bosqichlarida qatnashgan. Omadini berib kirib ketsin deb turibman. Nevaram huquqshunos kollejini bitirgan. Katta yurist bo‘lmoqchi. Omadini bersin".

“Mana, prezidentimiz hamma joyda adolat bo‘lsin. Bilimlilar o‘qisin deb aytmoqda. Chunki bilimi bor yoshlar vatanini rivojlantiradi. Shu qatorda biznikilar ham o‘qishga kirsa xalqimizning koriga yarab qolar. O‘zim ham 30 yil o‘qituvchilik qilganman. Yaxshi o‘qisa rizqi ulug‘ bo‘ladi", - deb o‘z fiklarini bildirdi Shahzoda xola. Boshqa insonlar ham yuqoridagi fiklarni tasdiqladi.

Xulosa qilib shuni aytmoqchimizki, xalq davlatdan adolat xohlaydi. Barcha imtihonlar ochiq va shaffof o‘tkazilishidan manfaatdor. Adolatni ta`minlash orqali hukumat xalqning ishonchini yanada qozonishi mumkin. Kun.uz jamoasi ham keyingi imtihonlar qay yo‘sinda olib borilayotganliini kuzatishda davom etadi.