Mamlakatga Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti rektori, professor Jyevdet Erdol boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. 1903 yilda tashkil etilgan mazkur universitet Turkiyadagi yagona ixtisoslashgan tibbiyot universiteti, shuningdek, Yevropaning yetakchi ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi, deb yozadi Kun.uz.
Delegatsiyaning O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etgan muloqotda tibbiy ta'lim sohasida aloqalarni yanada kengaytirish va rivojlantirish, hamkorlikda ilmiy-ma'rifiy tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Jumladan, tomonlar bakalavr va magistrantlarning akademik almashinuvini tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va doktorantlar uchun malaka oshirish, turk universitetining filiali bazasidagi shifoxonalarda yozgi amaliyot o‘tash va qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish borasida qator kelishuvlarga erishdi.
Bundan tashqari, 2019/2020 o‘quv yilida Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti qoshidagi Oliy tibbiyot maktabining filialini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Buxoro davlat tibbiyot instituti hududida mazkur tibbiyot universitetining klinikasi ham ochiladi.
Ta'kidlash joizki, ikki tibbiyot oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik o‘tgan yildan buyon izchil rivojlanmoqda. Talabalar va o‘qituvchilarning ilmiy almashinuvi borasida faol ish olib borilayotir. Hozirga kelib, ana shu hamkorlik samarasi o‘laroq Buxoro davlat tibbiyot institutining 40 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi va talabalari Turkiyada ta'lim oldi.