Jurnalistika sohasida mutaxassis bo‘lmoqchi bo‘lganlar Buxoro davlat universitetida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Buxoro davlat universitetida yangi yo‘nalishlar – «Bosma ommaviy axborot vositalari» hamda «Jamoatchilik bilan aloqalar» bakalavriatlari ochildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha 25 talaba qabuli rejalashtirilgan (5 ta grant, 20 ta kontrakt).
O‘qish jurnalistika sohasida mamlakatimizda yetakchi oliy o‘quv yurti hisoblangan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti olimlari tomonidan yaratilgan o‘quv rejalar va fan dasturlari asosida tashkil etiladi. Jurnalistika kasbi talablariga muvofiq o‘qish paytida jurnalistik amaliyotga alohida e’tibor beriladi. Ya’ni butun semestr davomida asosiy o‘qishdan bo‘sh vaqtda talabalar tomonidan viloyat, shahar, tuman gazetalari, radio va televideniye hamda matbuot markazlari ishlarida qatnashib, o‘z chiqishlarini ta’minlab borishlari shart, buning uchun har semestrda alohida hisobot topshiriladi.
1930-yilda ochilgan Buxoro davlat pedagogika instituti 30-40 yil davomida Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlari uchun pedagogik kadrlarni tayyorlab bergan, katta avlod vakillari bundan yaxshi xabardor. Bugungi kunda esa xuddi shu an’anani jurnalistika sohasida mutaxassislar tayyorlash bilan davom ettirish mumkin.
Jurnalistika tez rivojlanib borayotgan murakkab soha bo‘lganligi sababli bo‘lajak talabalar ingliz va rus tillarini bilishlari maqsadga muvofiq. O‘shanda ular uchun eng zamonaviy o‘quv va ilmiy adabiyotlar bilan tanishib borishga imkoniyatlar paydo bo‘ladi.