Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etildi


Vazirlar Mahkamasining “Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik taʼlim sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2020 yil 27 fevraldagi qaroriga muvofiq Buxoro davlat universitetining pedagogika taʼlim sohasi bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etildi.

Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

– hududda pedagogika soha va tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, shuningdek, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda pedagogika sohasi bo‘yicha tarbiya va o‘qitish usullari, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega professional oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash;

– Institutning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg‘or xalqaro tajribani tatbiq etish;

– o‘quv va ilmiy laboratoriya xonalarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash hamda o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;

– taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

– xorijiy yetakchi va nufuzli oliy taʼlim muassasalarining ilg‘or tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, o‘quv va ilmiy-uslubiy taʼminotni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish;

– taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash;

– pedagogika taʼlim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilgor xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;

– respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy muassasalariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.

Institutda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi;

– 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Universitetda pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va ularning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul to‘xtatiladi hamda ushbu bakalavriat taʼlim yo‘nalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar o‘qishni bitirgunlariga qadar Universitetda taʼlim jarayonini davom ettiradilar;

– Institutga talabalarni bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;

– o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarini birlashtirgan holda bitiruvchilarga ikkita kvalifikatsiya berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

– Institut Universitetning o‘quv va ilmiy laboratoriyalaridan, sport inshootlaridan hamda axborot-resurs markazidan rejalashtirilgan dars jarayonlariga taʼsir etmagan holda tekin foydalanadi;

Institutga kafedra mudiri va professor-o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish Universitet kengashi qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Buxoro viloyati, Buxoro shahri, Piridastgir ko‘chasi, 2-uy manzilidagi va Buxoro viloyati, Buxoro shahri, K.Murtazoyev ko‘chasi, 16-uy manzilidagi Universitetning bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.