Bog‘cha pedagoglari uchun dual ta’limga qabul boshlandi


Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar uchun bakalavriat bosqichida dual ta’lim shaklida o‘qish imkoniyati yaratildi.

Unga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kamida 3 yil ishlagan, o‘rta maxsus ma’lumotga ega pedagoglar ushbu ta’lim shakli bo‘yicha hujjat topshirishi mumkin.

Qabul jarayoni 5-iyundan 25-iyungacha davom etadi. Talabgorlar my.uzbmb.uz yoki my.gov.uz platformalari orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida nomzodlar fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi.

Test sinovlari ikki fan bo‘yicha o‘tkaziladi. Bular — biologiya hamda ona tili va adabiyoti fanlaridir.

Dual ta’lim shaklining asosiy jihati shundaki, talabalar haftasiga 1 kun oliy ta’lim muassasasida tahsil oladi, qolgan 5 kun davomida esa maktabgacha ta’lim tashkilotida amaliy faoliyatini davom ettiradi.

Bu tizim pedagoglarga ish faoliyatini to‘xtatmagan holda oliy ma’lumot olish imkonini beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dual ta’lim tizimini 15 ta pedagogika oliy ta’lim muassasasida joriy etish rejalashtirilgan.

Hujjat topshirish muddati 25-iyunda yakunlanadi. Shu bois talabgorlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayonini oxirgi kunlarga qoldirmaslik tavsiya etiladi.