Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning ma’lum qilishicha, bu yil magistraturaga hujjat topshirish uchun chet tili sertifikati majburiyligicha qoladi. Abituriyentlar uchun mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lmaydi, faqat diplomning o‘rtacha balli hisobga olinadi. Kvota to‘lmasa, qishda yana bir marta qabul bo‘ladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida magistraturaga nima sababdan chet tili sertifikati majburiy qilinayotgani haqida gapirdi. Vazirning qayd etishicha, sertifikat haqidagi e’tirozlarga qaramay, bu talab majburiyligicha qoladi.
“Joriy yilgi qabuldan boshlab magistraturaga chet tilidan faqatgina mahalliy va xalqaro sertifikat olgan abituriyentlargina hujjat topshira oladi. Bu – bir yil oldingi prezident qarorida belgilangan. Hozir bu talabga har xil fikrlar bildirilyapti", dedi vazir.
Abduqodir Toshqulovning qayd etishicha, o‘tgan yili atigi 700 nafar bakalavriat bitiruvchilari chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan. Bu yil esa 7 ming bitiruvchida shunday sertifikat bor.
“Agar bola ingliz tilini bilmasa yo haminqadar bilsa, qanday tadqiqot olib boradi? Hozirgi zamon bilan qanday bellashadi? Shuning uchun ham biz ruxsat oldik: xalqaro yo mahalliy chet tili sertifikat bilan hujjat topshirgan abituriyent magistraturaga kirishda mutaxassislik fanidan imtihon topshirmaydi. Mutaxassislik bo‘yicha imtihon – qariyb bor bo‘yi bilan korrupsiya. Diplomning o‘rtacha balli hisoblanadi va bu bilan hujjat topshirgan abituriyent magistr bo‘ladi.
To‘lmay qoladigan kvota uchun 2 marta qabul bo‘lishini so‘rayapmiz. Bunda avgust oyida bir marta va yanvarda yana bir marta qabul bo‘ladi", dedi Abduqodir Toshqulov.
Vazirning ta’kidlashicha, magistraturaga qabul yaxshi bo‘lmagani uchun ham oliy ta’limda nobop kadrlar ko‘paygan. Qabul tizimi o‘zgarishi sifat o‘zgarishiga yordam berishi umid qilinmoqda.