Tashqi ishlar vazirligida Lester universitetining prorektori Sara Dikson boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi. Bu haqda TIV Axborot xizmati xabar berdi.
Vazirlikda Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlaridan biri hisoblangan Lester universitetining O‘zbekiston ta’lim muassasalari bilan O‘zbekiston-Buyuk Britaniya munosabatlarini mustahkamlash doirasida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan batafsil suhbat bo‘lib o‘tdi.
Sara Dikson 2017 yil 3 may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan imzolangan JIDU qoshida Lester Xalqaro tadqiqotlar oliy maktabini yaratish haqidagi hamkorlik Memorandumi haqida so‘zlab berdi. Ushbu xujjatda turli sohalarda birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishda, jumladan, Lester universiteti bilan O‘zbekistonning boshqa universitetlari o‘rtasida aloqalarni kengaytirishga tomonlarda qiziqish mavjudligi tasdiqlandi.