Bo‘lajak diplomatlar uchun yangi huquq va vazifalar belgilandi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 21-iyun kuni «Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Unga ko‘ra, quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

— ilg‘or xorijiy tajribadan, shu jumladan, zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar va ilmiy ishlanmalardan foydalanish, mamlakatdagi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini samarali muvofiqlashtirish asosida respublika tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati sohasida xalqaro mutaxassislarni tayyorlashning yuqori sifatini ta’minlash;

— talabalarning mustaqil tayyorgarlik ko‘rishini chuqurlashtirishni, ularda tahliliy fikrlashni, mustahkam kasbiy ko‘nikmalarni, yuksak ma’naviy-axloqiy va vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish hamda rivojlantirishni ta’minlaydigan o‘quv rejalari va dasturlarining amaliy mazmunini kuchaytirish;

— O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa sohaviy vazirlik va idoralarning doimiy yangilanib turadigan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida xalqaro sohadagi kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;

— xalqaro munosabatlar, xorijlik sheriklar bilan hamkorlik, mamlakatimizning tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati rivojlanishining prognoz baholarini va istiqbollarini ishlab chiqishga qaratilgan fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar samaradorligini tubdan oshirish;

— xalqaro munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;

— xorijiy mamlakatlarning rasmiy tadbirlari va delegatsiyalariga yuksak darajada hamrohlik qilishni ta’minlashga safarbar etilgan yuqori malakali professional tarjimonlar hamda gidlarni o‘qitishning zamonaviy uslublari va vositalaridan foydalangan holda tashkil etish;

— universitetning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish.

Universitetga quyidagi huquqlar berildi:

— belgilangan tartibda ta’lim standartlarini ishlab chiqish, malakaviy talablar, o‘quv rejalari va dasturlarini, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda talabalarning bilimini baholash hamda o‘quv jarayonining amaliyot bilan integratsiyalashuvini ta’minlash tizimini ishlab chiqish va tasdiqlash;

— bakalavriatda turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarni istisno tariqasida «Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha magistraturaga qabul qilish;

— professor-o‘qituvchilar tarkibining faoliyat turlari bo‘yicha vaqt me’yorlarini belgilash;

— universitet ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash;

— bakalavriat, magistratura va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish;

— universitet va universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Oliy diplomatiya maktabining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun to‘lov-kontrakt (shu jumladan, oshirilgan kontrakt stavkalardan tushumlar) va budjetdan tashqari mablag‘larni ulardan oqilona hamda samarali foydalanish sharti bilan tasarruf etish;

— universitetning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha shartnoma asosida konsalting va ekspert-tahliliy xizmatlar ko‘rsatish, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy va innovatsion-investitsiyaviy tuzilmalarni yaratish.

Manba: xabar.uz