20 iyul kuni e’lon qilingan kvotalar bo‘yicha ko‘pchilikda savol tug‘ilgani tabiiy. Chunki Prezident farmoyishi bilan tasdiqlangan joriy yilgi kvotalarning avvalgilaridan bir qancha farqi bor:
Birinchidan, kvotalar OTMlar kesimida emas, balki yo‘nalishlar kesimida e’lon qilindi;
Ikkinchidan, kvotalar faqat davlat granti uchun e’lon qilindi, to‘lov-kontrakt uchun yo‘q;
Uchinchidan, kvotalar faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun e’lon qilindi, sirtqi, kechki va masofaviy uchun yo‘q.
Batafsil kvotalar Davlat qabul komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi. Odatda bu yana 1 haftacha muddatni talab qiladi. Ya’ni Prezident umumiy kvotani tasdiqlagach, batafsil kvotalarni yana kutishga to‘g‘ri keladi.
Davlat qabul komissiyasi 2024/2025-o‘quv yili uchun quyidagilarni tasdiqlashini kutishimiz kerak:
- umumiy qabul parametrlarini (oliygohlar, ta’lim shakllari va tillar kesimida);
- qo‘shimcha qabul parametrlarini (imtiyozga ega abituriyentlar uchun);
- maqsadli qabul kvotalarini va ushbu kvotalarning tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
- o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish balini;
- umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushini.