Andijon iqtisodiyot va qurilish institutinining qabul kvotalari


Mamlakatimizda oliy taʼlimning talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarida o‘qitishni hududlarda tashkil etish, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrovini oshirish, oliy taʼlim tizimini tubdan isloh qilish, talabalarni o‘qishga qabul qilish jarayonida shaffoflikni taʼminlash, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, taʼlim jarayoniga raqamli va pedagogik texnologiyalar hamda zamonaviy usullarni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

So‘nggi yillarda mamlakatimizning hududlarida oliy taʼlim muassasalarining tashkil etilishi hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, olis qishloqlardagi yoshlarning oliy maʼlumot olishiga imkoniyatlar yaratayotgan bo‘lsada, Andijon viloyatida maktab va o‘rta maxsus taʼlim muassasalari 2019 yilgi bitiruvchilarining atigi 11 foizi oliy taʼlim bilan qamrab olingan.

Shu munosabat bilan, yoshlarning ilg‘or pedagogik texnologiyalar yordamida taʼlim olishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratish, hududda iqtisodiyot va qurilish sohalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash salmog‘ini yana-da kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligining Andijon viloyati Andijon shahrida Andijon iqtisodiyot va qurilish institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilmoqda.

Institutda taʼlim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.

2020/2021 o‘quv yili uchun Institutga kunduzgi taʼlim shakli bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga muvofiq institutda talabalar sonini oshishini inobatga olib, 1200 o‘rinli o‘quv binosi va 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurish loyihalarini nazarda tutilmoqda.

2020/2021 o‘quv yili uchun Andijon iqtisodiyot va qurilish institutiga kunduzgi taʼlim shakli bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari

T/R Taʼlim yo‘nalishi nomi Qabul ko‘rsatkichi
1 Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) 50
2 Bank ishi 50
3 Xizmatlar sohasi (kichik biznes va tadbirkorlik) 50
4 Arxitektura (turlari bo‘yicha) 50
5 Qishloq hududlarini arxitektura-loyihaviy tashkil etish 50
6 Gidrotexnika qurilishi (turlari bo‘yicha) 50
7 Bino va inshootlar qurilishi (turlari bo‘yicha) 50
8 Qiymat injiniringi 50
  JAMI 400