Agrar sohadagi barcha texnikumlar Qishloq xo'jaligi vazirligi tizimiga o'tkaziladi


2022 yilning 27 aprel sanasida Prezident huzurida qishloq xo‘jaligida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarning borishi hamda ta'lim sifatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda agrar soha uchun zamonaviy bilimga ega o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash masalasiga alohida e'tibor qaratildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Agrar universitet bilan tizimdagi kollej va texnikumlarning o‘zaro bog‘liqligini ta'minlashi zarurligi ta'kidlandi.

Bugungi kunda Jizzax, Toshkent va Farg‘onada 3 ta qishloq xo‘jaligi texnikumini modernizatsiya qilish boshlandi.

“Lekin qolgan 31 ta texnikum va kollej bilan, 83 ta kasb-hunar maktabi bilan qachon shug‘ullanamiz?", deya savol qo‘ydi Prezident.

Qishloq xo‘jaligi va oliy ta'lim vazirlariga ikki oy muddatda texnikumlar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bunda:

  • agrar sohadagi barcha texnikumlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkaziladi;
  • klaster va boshqa yirik qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan hamkorlikda texnikumlardagi o‘quv dasturlar, metodologiyasi, darsliklar va amaliyot tizimi butunlay qayta ko‘rib chiqiladi;
  • texnikumlar yangi tashkil etiladigan agroxizmatlar markazlari bilan uzviy bog‘lanadi.