Afg‘onistonlik ayollar O‘zbekiston va Qozog‘iston universitetlarida o‘qitiladi


Bryussel shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 11-noyabr kuni “Afg‘on ayollarining iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini Qozog‘iston va O‘zbekistonda o‘qish va tayyorlash orqali qo‘llab-quvvatlash" dasturining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Marosimda nutq so‘zlagan Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqining afg‘on ayollarini qishloq xo‘jaligi, amaliy fanlar va tog‘-kon sanoatiga o‘qitish dasturi ularni mamlakatning ijtimoiy va siyosiy hayotiga jalb qilish uchun ajoyib imkoniyat yaratishini ta’kidlagan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston TIV rahbari ushbu sohadagi qator Yevropa Ittifoqi loyihalari, jumladan, Termiz shahridagi ta’lim markazida afg‘on talabalarini, shu jumladan, ayollarni o‘qitish bo‘yicha YeI—O‘zbekiston—Afg‘oniston uch tomonlama shakldagi hamkorlik istiqbollarini qayd etdi. Bu esa Afg‘oniston uchun yuqori malakali mutaxassislar bazasini yaratish jarayoniga sezilarli hissa qo‘shadi", — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi afg‘on ayollariga O‘zbekiston va Qozog‘iston universitetlarida o‘qish imkonini beruvchi loyihaga 2 million yevro grant ajratgan edi. Unga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘quv yurtlarida 2025-yilgacha qishloq xo‘jaligi, amaliy statistika va tog‘-konchilik sohasidagi bakalavr, magistratura hamda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha texnik mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha 50 nafar talaba ta’lim oladi.

Bundan avval Abdulaziz Komilov Brusselda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Finlandiya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgani, Yevropa Ittifoqi vitse-prezidenti bilan inson huquqlariga oid masalalarni muhokama qilgani haqida xabar berilgan edi.