Oliy ta’lim muassasalariga kirish jarayonining so‘nggi bosqichi – 6-yo‘nalish bo‘yicha tanlov yakunlandi. Bugun qo‘shimcha tanlov natijalari tasdiqlanib, oliy ta’lim muassasalariga yetkazilmoqda. Bu bosqichda o‘tgan sinovlarda yetarlicha ball to‘plagan, ammo asosiy tanlovda talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ishtirok etdi.
Bu yilgi qabul tizimi o‘zgarishlarga boy bo‘ldi. Avval test sinovlari o‘tkazildi, so‘ngra abituriyentlar natijalarini ko‘rgan holda o‘zlariga mos yo‘nalishlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shu sababli 6-yo‘nalish jarayoni, ayniqsa, o‘qishga kirish imkoniyatini boy bergan talabgorlar uchun so‘nggi umid eshigi bo‘ldi.
Qo‘shimcha tanlov 25 sentabrdan 3 oktyabrgacha o‘tkazildi. Bu davr mobaynida minglab abituriyentlar my.uzbmb.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, vakant (bo‘sh) o‘rinlarga hujjat topshirdilar. Tanlovda kamida 56,7 ball to‘plaganlar ishtirok eta oldi. Natijalarga ko‘ra, ular bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etildi.
Ta’lim agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 6-yo‘nalish bo‘yicha natijalar hozirda barcha oliy ta’lim muassasalariga yetkazilmoqda. Yaqin kunlarda rasmiy ro‘yxatlar mandat.uzbmb.uz va my.uzbmb.uz platformalarida e’lon qilinadi. Abituriyentlar o‘z ID raqamlari orqali qaysi OTMga tavsiya etilganini tekshirishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tizim mutaxassislar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Ularning fikricha, bosqichma-bosqich qabul tizimi abituriyentlarga o‘z natijalariga mos qaror qabul qilish imkonini beradi, OTMlarda esa vakant o‘rinlar bo‘sh qolmaydi. Shu bilan birga, bu jarayon raqobatni oshiradi va qabul jarayonini shaffoflashtiradi.
Yangi o‘quv yili uchun qabul jarayoni shu bosqich bilan yakunlanadi. Endilikda oliy ta’lim muassasalari 2025/2026-o‘quv yiliga tayyorgarlikni boshladi. 6-yo‘nalish orqali o‘qishga kirgan talabgorlar esa yaqin kunlarda o‘z o‘qish joylarini rasmiylashtirib, talabalik hayotiga qadam qo‘yadi.