Pedagog kadrlarni tayyorlash tizimi isloh qilinadi


O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi beshta pedagogika instituti Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorda belgilab qo‘yildi.

Hujjatga ko‘ra, Nukus davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti va Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari tegishli hududdagi oliy ta’lim muassasalari tasarrufiga beriladi.

Ushbu institutlar negizida Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari tashkil etiladi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Hududiy markazlar uchun xalq ta’limi tizimi xodimlarining kasbiy bilimlari va malakalarini oshirish ishlariga ilmiy-metodik jihatdan rahbarlik qilish, namunaviy o‘quv reja, dastur, o‘quv-metodik va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilandi.

Qarorga muvofiq, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti va Respublika ilmiy-pedagogika kutubxonasi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufiga beriladi.

Qaror respublikada ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini ko‘tarishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda xalq ta’limi tizimida jami 4916 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 9680 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 211 ta “Barkamol avlod" markazi mavjud bo‘lib, ularda jami 400 ming nafardan ortiq pedagog xodim faoliyat ko‘rsatmoqda.

Amaldagi tartibga asosan xalq ta’limi muassasalari pedagoglari kamida 5 yilda bir marotaba o‘z malakalarini oshiradilar.