1-avgust test sinovlari uchun taklif


Taniqli blogger, huquqshunos, "Zakovat" teleklubi bilimdoni Xushnudbek Xudayberdiyev 1-avgust imtihonlarida haqqoniylikni taminlash uchun bir qator chora tadbirlarni amalga oshirish kerakligi haqida o‘zining feysbukdagi sahifasida elon qildi. Quyida uning postini o‘zgarishlarsiz keltirib o‘tamiz.


OTMlarga kirishdagi test sinovlarida adolatni, haqqoniylikni ta’minlash haqida ko‘p va xo‘b gapiriladi. Bu masala nafaqat bugunning masalasi, balki bu millat, yurt kelajagi bilan ham chambarchas bog‘liq.

1 avgustdagi testlar muhokamasidagi doimiy bir savol bor: “Nima qilsa, testlarda butunlay haqoniylikni ta’minlash mumkin?". Bu savolga hamma o‘z dunyoqarashi, tajribasidan kelib chiqib fikr, taklif aytishga harakat qiladi. Hozirgi postimda men ham o‘zimning kichik taklifimni aytmoqchiman.

Avvalo bir narsani kelishib olaylik. Ushbu mavzu bo‘yicha eng oddiy haqiqatlar borki, ularni tan olmasdan turib, fikr yuritish nojoiz.

Birinchidan, imtihonlarda 100% adolatni ta’minlash qiyin, balki imkonsiz hamdir. Bu ko‘p faktorlarga bog‘liq. Masalan, ilmsiz biror abituriyent tavakkaliga hamma savolga bir xil harfli variantni belgilab chiqsayu, omadi kelib o‘qishga kirsa, aslida bu ham tom ma’noda adolatsizlik.

Ikkinchidan, kirish jarayonlaridagi adolatni bitta taklif bilan yoki bitta islohot bilan ta’minlab bo‘lmaydi. Buning uchun kompleks chora-tadbirlar zarur. Bunday deyayotganimning boisi, hukumat tomonidan ayrim yangiliklar qilingan payti ba’zi insonlar “bu bilan g‘irromlik butunlay yo‘qolmaydi-ku, shu ham yangilik bo‘ldimi" deya asossiz e’tiroz bildirishadi. Xuddiki bittagina qaror qabul qilinsayu, shu qaror bilan 100% hammasi yaxshi bo‘lib ketsa, deb umid qilishadi. Bunday bo‘lmaydi. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak.

Endi taklifimga kelsam. Aslida quyida yozilganlar yangilik emas. O‘zim o‘ylab topganim yo‘q. Shunchaki qog‘ozda bor, ammo amal qilinmaydigan bir qoida haqida.

Qonuniy asos

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ham, bungacha amalda bo‘lgan Nizomlarda ham bir qoida bor. Ya’ni agar abituriyent test sinovlariga o‘zi bilan shpargalka, telefon, kalkulyator va h.k. yordamchi vositalarni olib kirishga urinsa, o‘sha abituriyent test sinovlaridan chetlatiladi, imtihonga kiritilmaydi.

Tasavvur qilyapsizmi, hali abituriyent o‘sha vositalardan foydalangani yo‘q, hali ichkariga kirgani yo‘q, shunchaki olib kirishga urindi xolos. Lekin shunday bo‘lsada amaldagi qonunchilik bo‘yicha bunday nopok yo‘lga uringan abituriyent testdan chetlatilishi kerak.

Bizda holat qanaqa?

Bizda lekin bunga amal qilinmaydi. Hattoki OTMdagilar oldindan ruhan bu qoidaga amal qilmaslikka tayyorlanadi – ya’ni oldindan qo‘lga tushadigan telefonlar uchun raqamlangan konvertlar tayyorlab qo‘yishadi.

Poyabzalining tagida telefon olib kirishga uringan abituriyentga hurmat-izzat ko‘rsatishib, qo‘liga alohida raqam berib, imtihonga kiritib yuborishadi. Testdan chiqqandan keyin anavi abituriyent “Telefonimni tez topib beringlar" deb dag‘dag‘a ham qiladi.

Taklifim qanday?

Taklifim oddiy – qoidaga amal qilish kerak! Testga shpargalka yoki telefon kabi vositalar olib kirishga uringan abituriyentlarni o‘sha zahoti imtihondan chetlatish kerak. Tamom! Ta’limda kechirish, ko‘ngilchanlik, istisno bo‘lmasligi kerak. Qattiqqo‘l, qat’iy qaror qabul qiladigan payt keldi!

Qanday amalga oshiriladi?

Bunday keskin qarorga o‘tishdan oldin obdon targ‘ibot ishlarini olib borish kerak. Bunda:

- Televideniye orqali test kunigacha tinimsiz ijtimoiy roliklarni aylantirish kerak. Ya’ni “bu yildan boshlab telefon olib kirishga uringanlar testdan chetlatiladi. O‘z biliminga ishon! Tavakkal qilib, g‘irrom yo‘lini tanlab, 1 yil umringni ketkazma" degan mazmundagi rolikni har kuni 20-30 marta har bir telekanalda aylantirish kerak. Ota-onalar ham ko‘rishi lozim;

- DTM varag‘ini tarqatish paytida tilxatga qo‘l qo‘ydirib, ogohlantirish xati berish kerak. “Hoy, o‘zingga qara, nopok yo‘lni tanlab, keyin bizni boshimizni og‘ritib yurma" ma’nosida;

- Test kuni imtihon bo‘ladigan binolarning kirish eshigi tepasida katta qilib e’lon yozish kerak. “Haliyam kech emas, bema’ni fikringdan qayt va tavakkal qilma" ma’nosida.

- Test o‘tadigan joylarda oldingidek raqamlangan konvertlar tayyorlanadi. Faqat bu safar o‘z xohishiga ko‘ra telefonini topshirganlar uchun ishlatiladi;

- Agar o‘z xohishiga ko‘ra bermasdan, tekshiruvchi tekshirgandan keyin abituriyentdan chiqqan qanday vosita uni testdan chetlatishga asos bo‘ladi. Hech qanday rahmdillik bo‘lmasligi kerak! Hech qanday! “Voy, bilmay qolibman, pushaymonman, oyoqlarim tagiga yoki ularning orasiga qanday qilib telefon tushib qolganini bilmayman" degan ertaklar inobatga olinmasligi lozim.

- Abituriyentlar yig‘laydi, siqtaydi, dod soladi, biron shantajlari o‘zimni o‘ldiraman, deydi. Quloq solmaslik kerak, tamom! Bitta istisno qilindimi, maqsadga erishilmaydi.

Nima foydasi bor?

Foydasi ko‘p.

- Agar o‘qishga qing‘ir yo‘l bilan kiradigan usullar haqida so‘z ketsa, aksariyat abituriyentlar o‘z ishlarini “ko‘chadagi uddaburon"lar orqali hal qilishi, ular esa asosan o‘z javoblarini telefon orqali yetkazishi ma’lum. “Paravoz", “snayper", “bunker" kabi usullar tashkiliy tomondan biroz murakkabroq va shu sababli ham telefonga qaraganda kamroq odam bunday xarajatlarga mablag‘ topadi.

- Kirish payti ming chig‘iriqdan o‘tkazishsa ham, baribir ichkarida telefondan foydalanadiganlar soni juda-juda ko‘p. Chunki hech kim oqibatidan qo‘rqmaydi va abituriyentlarning 90%i ongli ravishda yordamchi vositalar olib kirishga urinadi. Agar taklif etilayotgan usul qo‘llanilsa, 40-50% abituriyent tavakkal qilmaydi. 1-yili ommaviy ravishda hamma g‘irromchilar testdan chetlatilsa, keyingi yili 80% abituriyent telefon olib kirishdan voz kechadi.

- Bu ko‘chadagi “qora bozorga" ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Sababi ko‘pchilik “uddaburon"lar o‘z takliflarini aynan telefon bilan bog‘lashadi. “biz zo‘r domlalarni yig‘ib qo‘yamiz, sen telefon orqali savolni o‘qiysan yoki rasmga olib fleshkani jo‘natasan, biz javoblarini telefonda aytamiz" degan takliflar eng ko‘p uchraydi. Agar taklif etilayotgan usul qo‘llanilsa, avtomatik ravishda mana shunday “uddaburonlar"ning bozori o‘ladi.

Tanganing boshqa tomoni

Masalaning yana bir tomoni bor. Ushbu taklif ishga tushsa, unda boshqacha yo‘lga o‘tishadi. Ya’ni telefonlarni testdan bir kun oldin auditoriyaning o‘ziga olib kirib berish bo‘yicha takliflar ko‘payadi. Qabul komissiyasi mas’ul vakili, institut xodimi, bino qorovuli yoki imkoniyati bor boshqa insonlar telefonni olib kirib berish sharti evazisha yaxshigina pul so‘rashni boshlaydi. Xo‘sh, bunday vaziyatda oddiy xalq jabr ko‘rib, puli ko‘plarga, imkoniyati borlarga oson bo‘lmaydimi?

Yo‘q, aksincha! Men boshqacha fikrdaman.

Qarang, hozir ham test payti telefondan foydalanayotganlar ko‘p, shundaymi? O‘sha auditoriyadagi boshqa abituriyentlar ana shunday qing‘ir yo‘ldan foydalanayotganlarga beparvo bo‘ladi. “Hoy, telefoningni olib qo‘y" demaydi yoki kuzatuvchi, nazoratchilarga bu haqida xabar bermaydi. Nima uchun? Chunki o‘zini yonida ham telefon bo‘ladi-da! Hammaning ko‘nglida qing‘ir niyat bo‘lgandan keyin, ko‘r ko‘rni qorong‘uda topadi deganlaridek, ular ham bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi.

Endi vaziyat o‘zgardi, men aytgan taklif ishga tushdi. Kirish chog‘ida qo‘lga tushgan abituriyent ayab o‘tirilmasdan chetlatildi. Bundan qo‘rqqanlar, garchi kerak bo‘lsa ham, noiloj telefonini tashlab kirishdi. Auditoriyada deyarli hamma alamzada. Mana shunaqa payti bironta “krutoy"ga telefon olib kirib berishgan bo‘lsa, unda qolganlar uni “talab tashlaydi". Nega biz olib kira olmaymizu, sen foydalanasan, deyishadi. Ichkarida jamoatchilik nazorati tabiiy yo‘l bilan kuchaydi. Bu oddiy psixologiya.

Keyinchalik bunday nazorat bunker, paravoz, snayper kabilarga ham o‘tadi. Telefondan omadi kelmaganlar, hech narsasiz testga kirganlar qolganlarni ham halol bo‘lishini xohlaydi va birgn qing‘irlikni ko‘rgach, janjal qiladi, kurashadi.

Hozir halollardan qing‘irlar ko‘pligi uchun ularning ovozi chiqmay qolyapti xolos.

Yakuniy fikrlar

Yana bir bor aytaman, bu usul muammoni to‘liq yechmaydi. Qisman yordam beradi xolos. Lekin vaziyatga real ko‘z bilan qarasak, mana shu oddiygina qaror orqali muammoning katta foizi yechiladi.

Qat’iylik payti keldi. Keskin qarorlarni qabul qilish lozim. Boy berilgan har bir kun yillarga teng bo‘lishi mumkin.

Sizchi? Sizning bu boradagi fikringiz qanday?