Talabalarga 15 yilgacha bo‘lgan muddatga taʼlim kreditlari berish boshlanadi


Oliy taʼlim muassasalarida bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq farzandlari to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga taʼlim kreditlari berish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Taʼlim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi, sirtqi va kechki bo‘limlarida bakalavriat taʼlim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligiga to‘lov-shartnoma asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalarning o‘qishi uchun talabalarning o‘zlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin.

Taʼlim kreditlari, oliy taʼlim muassasalarida o‘qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 15 (o‘n besh) yilgacha, magistraturaga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 10 (o‘n) yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tash davri bu muddatga kirmaydi.

Bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq farzandi to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga taʼlim kreditlari bo‘yicha bank foizlari kredit ajratilgandan so‘ng keyingi oyning 1 sanasidan boshlab oyma-oy hamda asosiy qarzlarni to‘lash talaba tomonidan oliy taʼlim muassasasida taʼlimning ushbu turi uchun rasmiy belgilangan muddati tugallangandan so‘ng, ayrim kurslarda takroran o‘qish muddati hisobga olinmasdan, uch oy o‘tgandan keyin boshlanadi.

Talaba muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan davrda taʼlim kreditlari uchun bank foizi stavkalari hisoblanmaydi.

Qarz oluvchi Taʼlim kreditini rasmiylashtirish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • taʼlim krediti berish to‘g‘risidagi ariza;
  • talaba va oliy taʼlim muassasasi o‘rtasidagi to‘lov-shartnoma asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt). Shartnomada o‘qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. O‘qish uchun to‘lov miqdori keyingi yillarda o‘zgargan hollarda shartnomalarga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi, bu haqda oliy taʼlim muassasasi o‘n kun muddatda bank muassasasiga yozma ravishda maʼlum qiladi, so‘ngra qarz oluvchi, bank va oliy taʼlim muassasasi o‘rtasidagi kredit shartnomasiga zarur o‘zgartirishlar kiritiladi;
  • taʼlim kreditini qaytarishning taʼminlanishi to‘g‘risida hujjat;
  • taʼlim kreditlari olishi uchun bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq farzandlari to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalarini taqdim etadilar.

Olingan taʼlim krediti qaytarilmasligi xavfini oldini olish maqsadida Qarz oluvchi quyidagi taʼminlash shakllaridan birini bankka taqdim etish lozim, uning amalga oshirilishi unga qo‘yilgan asosiy talab hisoblanadi:

  • mol-mulk yoki qimmatli qog‘ozlarni garovga qo‘yish;
  • bankning kafolati;
  • uchinchi shaxsning kafilligi;
  • sug‘urta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmasligi xavfi sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisi.

Taʼlim kreditlari bo‘yicha mablag‘lar oliy taʼlim muassasalariga tijorat banklari tomonidan kredit shartnomasida qayd etilgan shartlarda o‘quv yili mobaynida o‘qish uchun yillik to‘lovning to‘liq miqdorini belgilangan tartibda teng ulushlarda to‘rt qismga bo‘lish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Bunda, belgilangan to‘lov miqdorining kamida 25 foizini talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun 15-sentyabrgacha yoki O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatgacha hamda ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalar uchun 1 oktyabrgacha;

belgilangan to‘lov miqdorining kamida 50 foizi 1 yanvargacha, 75 foizi 1 aprelgacha va 100 foizi 1 iyulgacha amalga oshiriladi.

Qaror loyihasi 2021 yilning 10 mart sanasiga qadar muhokamada bo‘ladi.