O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) muvofiq, oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan tartibda ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotni olish huquqiga ega.

Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot bo‘yicha o‘qitish to‘lov-kontrakt (shartnoma) asosida amalga oshiriladi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ta'limga kimlar topshirishi mumkin?

  • o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli mutaxassis darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha;
  • bakalavr va diplomli mutaxassis darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha;
  • magistr darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va turdosh magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish mumkin bo‘lgan turdosh magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi.

Qanday hujjatlar kerak bo‘ladi?

  • ta’lim muassasasi rektori (direktori) nomiga ariza;
  • oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom (asl nusxasi) ilovasi bilan (xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlari o‘rnatilgan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim);
  • 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 dona fotosurat;
  • № 086-U shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
  • pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat nusxasi.

Pasport hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat shaxsan ko‘rsatiladi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olish uchun hujjatlar 20-iyuldan 20-avgustgacha qabul qilinadi.