Bu yil eng yaxshi tarbiyachi va hamshiralar imtihonsiz talaba bo‘ladi


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida"gi qaroriga muvofiq o‘qish mobaynida yuqori natijalarga erishgan abituriyentlar imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinadi

Jumladan, xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblari hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi ta’sis etadigan maxsus guvohnomani olganlar imtihonlarsiz davlat grantlarining yuqori qismini band etadilar.

Har yili o‘tkaziladigan pedagogika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari bitiruvchilari va ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining “Tarbiyachi" respublika tanlovi g‘olibi, tibbiyot muassasalari hamshiralarining “Hamshira" respublika tanlovi g‘olibi sinovlarsiz o‘qishga kiradi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari, Badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari, “Nihol" mukofoti sovrindorlari har galgidek el qatori imtihon topshirmay, “pul to‘lamay" o‘qiydigan talabalar safiga qo‘shiladi.

Olimpiada fani, tanlovlar bilan oliy ta’lim yo‘nalishlari o‘rtasidagi kasbiy muvofiqlik Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.