Rossiya oliygohlarida budjet hisobidan tahsil olmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni yanada ko‘paydi


Rossiya oliygohlarida budjet hisobidan tahsil olmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik nomzodlar soni 8 ming nafarga ko‘paydi. Bu ko‘rsatkich 2018-yilda 5,8 ming kishini tashkil qilgandi. Bu haqda “Rossotrudnichestvo" vakolatxonasi rahbari Viktor Shulika ma’lum qildi, deb yozmoqda Daryo.uz.

“Tanlov sinovlariga shu yilda 8 mingdan ortiq nomzodlar ro‘yxatga olindi. Taqqoslash uchun: 2018-yilda 5,8 ming kishi bo‘lgan", — dedi Shulika.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya oliygohlariga 2019—2020-o‘quv yili uchun tanlov 10—12-fevralda boshlanadi.

“O‘tgan yili tog‘-kon sanoati bo‘yicha tahsil olish uchun 85 kishini tanlab oldik", — deb ta’kidladi vakolatxona rahbari.

Vakolatxona rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada moliya-nazorat organlariga mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha tomonlar o‘rtasida kelishuvlar mavjud.

“Shu yilda biz moliyaviy monitoring mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan Moskva tarmoq institutida tahsil olish uchun 50 kishini tanlab olamiz", — deb qo‘shimcha qildi ekspert.