Imtiyozlar guldastasi – OTMlarga o‘qishga kirishda kimda qanday imtiyoz bor?


“Mard o‘g‘lon", “Nihol" va Zulfiya nomidagi mukofotlar egalari, turli-tuman tanlovlar g‘oliblari, organ xodimlari va o‘rmonchilarning farzandlari, hokim yordamchilari va muayyan hudud yoshlari uchun uchun eksklyuziv imtiyozlar. Oliy ta’limga kirishda beriladigan imtiyozlarning turi ham, ularning berilish shakllari ham har xil: ba’zilari grant uchun, ba’zilari kontraktga, ba’zilari sirtqi ta’limga, ba’zilari istalgan ta’lim shaklida o‘qishga beriladi.

Prezident qarori bilan korrupsiyaga moyil munosabatlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar dasturi tasdiqlandi.

Dasturga ko‘ra, OTMlarga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozlar ro‘yxati yagona hujjatda shakllantiriladi va bu imtiyozlar umumiy kvotaga kiritmasligi to‘g‘risida qoida belgilanadi.

Hozirgacha ham qator imtiyozlar, masalan, harbiy xizmat tavsiyanomasiga ega bo‘lganlar (xalq tilida “armistlar") uchun umumiy kvotadan tashqari o‘rinlar ajratilayotgan edi. Yoki zulfiyachilar uchun ham qo‘shimcha grant o‘rinlari ajratilishi boshlangan.

Shunday bo‘lsa-da, bundan buyog‘iga imtiyozlarning alohida tarzda tartiblanishi va to‘laligicha kvotadan tashqari bo‘lishi belgilab qo‘yilishi abituriyentlarning ko‘nglini qisman xotirjam qilishi mumkin.

Grantga, kontraktga – asosiy imtiyoz turlari

Kun.uz o‘qishga kirishda alohida imkoniyatlar beruvchi imtiyozlarni jamladi. DTM saytida alohida guruhlanishicha, imtiyozlar bir-biridan farq qiladi:

  • imtihonsiz, qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga kirishga asos bo‘luvchi;
  • imtihonsiz, kontrakt asosida o‘qishga kirishga asos bo‘luvchi;
  • faqat bir fan imtihonidan ozod etishga asos bo‘luvchi;
  • to‘plangan ballga ball qo‘shib beruvchi;
  • alohida kvota doirasida imtihonda ishtirok etishga asos bo‘luvchi imtiyozlar.

Bu turdagi imtiyozlarning barchasi bir-biridan farq qiladi. Biroq darajasi turlicha bo‘lsa ham, ular oddiy tartibda hujjat topshirgan abituriyentlarga nisbatan ancha ko‘proq imkoniyatga egalikni anglatadi.

Hozir ularni birma-bir sanab chiqamiz.

Imtihonsiz, qo‘shimcha grant asosida talaba bo‘luvchilar:

  • harbiy qism qo‘mondonligi va Yoshlar ittifoqining tavsiyanomasi bilan har bir harbiy qismdan bir nafardan yosh harbiy xizmatchi;
  • xizmat vazifasini bajarish payti halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan Qurolli Kuchlar tarkibidagi tashkilotlar harbiy xizmatchilari va Milliy gvardiya xodimlari, ichki ishlar tizimi xodimlarining farzandlari;
  • Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon chempionatlarida oxirgi 3 yilda g‘olib bo‘lganlar;
  • Zulfiya mukofoti, “Mard o‘g‘lon" mukofoti sovrindorlari;
  • “Nihol" mukofoti laureatlari;
  • Madaniyat vazirligining “Xalq cholg‘ulari ijrochilari", “Milliy raqs ijrochilari" va “Yosh maqom ijrochilari" tanlovining bir nafardan g‘oliblari;
  • “Tarbiyachi", “Hamshira" tanlovi g‘oliblari;
  • Yoshlar ittifoqi faollari tavsiyanoma asosida hududiy OTMlarning pedagogika yo‘nalishlariga grantga kiradiganlar;
  • xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari;
  • prezident maktabi bitiruvchilari.

Imtihonsiz, kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadiganlar:

  • Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashgan maktab bitiruvchilari kimyo, biologiya, fizika va AKT sohalariga qabul qilinadi;
  • Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari bitiruvchilari.

Faqat bir fan imtihonidan ozod etib, ball beruvchi imtiyozlar:

  • respublika fan olimpiadalarining 1-3-o‘rin g‘oliblari o‘z fani bo‘yicha maksimal ball oladi;
  • chet tili sertifikati borlar uchun shu fandan maksimal ball beriladi;
  • tasviriy, amaliy san’at va dizayn yo‘nalishi bo‘yicha respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblari mutaxassislik fanidan maksimal ball oladi;
  • “Bolalar sport o‘yinlari"ning g‘oliblariga belgilangan fan bo‘yicha maksimal ball beriladi;
  • umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatga ega abituriyentlarga sertifikatdagi balliga mos proporsional ball beriladi.

To‘plangan ballga qo‘shimcha ball beradigan imtiyozlar:

  • Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga harbiy yo‘nalishlar uchun o‘zlari to‘plagan ballga 30 foiz, boshqa OTMlarga topshirganda 15 foiz miqdorda qo‘shimcha ball beriladi.

Qo‘shimcha kvota doirasida tanlovda qatnashish uchun asos bo‘luvchi imtiyozlar:

  • Navoiy viloyatining olis cho‘l hududlarida kamida 3 yildan beri yashab kelayotgan abituriyentlar Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlaridagi OTMlarga hududda 4 yil ishlab berish sharti bilan grant asosida olinadi;
  • Uzun tumani Bobotog‘ hududidagi yoshlar uchun Surxondaryo OTMlarining pedagogika va tibbiyot yo‘nalishlaridagi OTMlarga qo‘shimcha grant asosida kvota ajratiladi;
  • Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilarining farzandlari qo‘shimcha 5 foiz, Milliy gvardiya xodimlarining farzandlari esa qo‘shimcha 2 foizli kvota asosida tanlovda ishtirok etadi;
  • ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari uchun alohida 3 foizlik kvota ajratiladi, ularga bu kvota doirasida tanlovda qatnashish uchun 3 yilga amal qiluvchi sertifikat beriladi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2 foizlik kvota ajratiladi;
  • mehribonlik uylari bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlarga va bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilariga 1 foizlik kvota ajratiladi;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar uchun 4 foizlik kvota ajratiladi;
  • o‘rmonchilar va ularning farzandlariga OTMlarning tegishli yo‘nalishlari uchun qo‘shimcha 20 foizlik kvota ajratiladi;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari tavsiyanoma asosida "Ijtimoiy ish" yo‘nalishiga to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida qabul qilinadi;
  • harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar o‘zlari tanlagan birinchi yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etishadi;

Endi amalga kiritiladigan imtiyozlar

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilari davlat OTMlarining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga ko‘ra davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik stajga ega bo‘lgan xotin-qizlarga Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan 3 yil amal qiladigan tavsiyanoma beriladi va ular shu tavsiyanoma asosida alohida kvota doirasida o‘qishga qabul qilinadi.

Iqtisod tarmoqlarida ishlayotgan kamida 5 yillik stajga ega bo‘lgan fuqarolar tegishli tavsiyanoma bilan suhbat asosida mos OTMlarga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. Ularga 5 yil ishlab berish sharti qo‘yiladi.

Imtiyozlar kamayadimi?

OTMlarga kirishda imtiyozlarni tartibga solish qayd etilgan korrupsiyaga oid qarorning to‘liq matni hozircha e’lon qilinmadi. Biroq ushbu qaror loyihasida OTMga kirishda berilgan imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqib, ularni xatlovdan o‘tkazish belgilangan. Agar shunday bo‘lsa, imtiyozlar mexanizmi haqiqatan ishlayaptimi yoki yo‘q, bilib olish mumkin bo‘ladi.

Masalan, qaysidir olis hududdan bo‘lgani uchun boshqalardan pastroq ball to‘plagan bo‘lsa-da, davlat grantida o‘qigan talaba bitirgach, haqiqatan ham o‘sha hududga borib ishlab berib o‘ziga tikilgan investitsiyani oqlay olyaptimi? Boshqa yo‘nalishlarda ota-onasi munosib xizmat qilgani uchun o‘qishga imtiyozli kirgan abituriyentlar bitirgach sohasi bo‘yicha yo‘lini topib ketishyaptimi?

Imtiyozlarning bu taraflarini ham o‘rganish va tahlil qilish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Zilola G‘aybullayeva,

Kun.uz muxbiri