Kambag‘al oilalar farzandiga OTMda qo‘shimcha grant ajratiladi


O‘zbekistonda endilikda kambag‘al oila farzandiga qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi. Bu haqda kecha, 14 fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlari bilan o‘tkazayotgan muloqotida ma’lum qilindi.

Muloqotda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi ta’lim ekani ta’kidlandi. Shunga ko‘ra, kam ta’minlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Endilikda kambag‘al oilaning farzandiga ta’lim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.

Iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim – “Yorqin iste’dod” loyihasi joriy etiladi. Bunda har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanadi. Ularning salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi.

Xorijda ta’lim olib qaytgan yoshlar Milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritiladi, ular davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi. Har yili saralashdan o‘tgan 1 ming nafar yoshlar dunyoning “top-100” oliygohlariga yuborilib, o‘qish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.

Hozirgi vaqtda dunyodagi top-oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Prezident buni O‘zbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik deb atadi. Xorijda o‘qib qaytgan o‘zbekistonlik talabalar vatanda muvaffaqiyatli karera qilishiga yordam beriladi.