DTM mas'uli yozgi imtihonlar bekor qilinishi ehtimoli haqidagi savolga javob berdi


Joriy yilning 22 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Umumta'lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, 2020 yil 1 dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga mos fanlar bo‘yicha milliy test tizimi joriy etilmoqda.

Umumta'lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:

  • 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha;
  • 2021 yil 1 fevralda kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha;
  • 2022-2024 yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari bo‘yicha.

Talabgor test sinovida qatnashish uchun Davlat test markazining rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tadi va shaxsiy kabineti orqali kerakli hujjatlarni yuklaydi. Sertifikat berish uchun talabgordan ariza berilgan vaqtda joriy bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Davlat test markazi direktori bosh yuriskonsultanti Guljahon Madrahimova umumta'lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash tizimi joriy qilinganidan so‘ng, yozgi imtihonlar, ya'ni OTMlarga kirish testlari bekor bo‘ladimi, degan savolga javob berdi.

«Qarorga e'tibor beradigan bo‘lsak, bu [tizim] abituriyentlarimiz uchun ixtiyoriy, ya'ni yilning xohlagan paytida qatnashib sertifikatga ega bo‘lishdir. Yana e'tibor beradigan bo‘lsak, abituriyentimiz uchun aynan yozgi test sinovlarida fanlar majmuasi tarkibida bo‘lgan fandan maksimal ballga nisbatan proporsional tabaqalashtirilgan ball beriladi. Hozirda yozgi test sinovlari beshta fandan iborat bo‘lmoqda.

Abituriyentlarimiz 5ta fandan ham sertifikat olmasdan, masalan, faqat o‘zi xohlagan ona tili va adabiyot fanidan sertifikatga ega bo‘ladigan bo‘lsa, u o‘z-o‘zidan to‘liq ballni egallash uchun yozgi imtihonlarda ishtirok etishga majbur. Bu degani yozgi test sinovlari bekor bo‘ladi, degani emas, balki parallel olib boriladi. Masalan, xohlagan abituriyent yil davomida harakat qilib sertifikat olishi mumkin, sertifikat olishni xohlamaganlar esa yozgi test sinovlarida ishtirok etib ball to‘plashi mumkin», – dedi DTM mas'uli.