Yuridik universitetda telefon olib kirishga uringan barcha abituriyentlar testdan chetlatiladi


Joriy yilda Toshkent davlat yuridik universitetda bo‘lib o‘tadigan kirish imtihonlarida adolatni ta`minlash maqsadida bir qancha yangiliklar amalga oshiriladi. Bu haqida universitet qabul komissiyasiga asoslanib, Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z saytida  ma`lum qildi.

Shunday yangiliklardan biri test sinovlari o‘tkaziladigan binoga kirishda abituriyent mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilgani nazoratchilar tomonidan aniqlansa, o‘sha abituriyentga dalolatnoma tuzilib, u test jarayonidan chetlashtiriladi.

Aslida ushbu qoida yangilik emas. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom"da ham, undan oldin amalda bo‘lgan nizomlarda ham mazkur qoida belgilab qo‘yilgan edi. Biroq ushbu qoidaga doim ham qat`iy amal qilinmas, abituriyentlarning mazkur nojo‘ya xatti-harakati aksariyat hollarda kechirilardi.

Endi joriy yildan boshlab, mazkur qoidaga qat`iy amal qilinadi. Test o‘tadigan binoga qo‘shimcha vositalar olib kirishga uringan abituriyent aniqlanishi zahoti, test sinovlariga kirmasidanoq, imtihondan chetlashtiriladi.

Qabul komissiyasi bergan ma`lumotlarga ko‘ra, barcha abituriyentlar nomiga maxsus ogohlantirish xatlari tayyorlandi va DTM varaqasini olishga kelgan har bir abituriyent yana bir bor bu haqida ogohlantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda TDYuUga jami 600 nafar talaba qabul qilinadi va o‘zbek guruhiga 5178 nafar, rus guruhiga esa 954 nafar abituriyent hujjat topshirgan. O‘tgan yilgi bilan solishtirganda abituriyentlar soni 1736 nafarga (39,5 foiz) oshgan.