Yuksak mas’uliyat egalari – “tyutorlar” haqida


Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan uzoq vaqtdan beri kutilgan bir qator tizimli yangilik va o‘zgarishlar kiritildi. Ular qatorida 2021 yil 1 sentabrdan boshlab talabalar bilan ishlash bo‘yicha “guruh murabbiyi" instituti bekor qilinib, uning o‘rniga talabalar bilan ishlaydigan “tyutorlar" amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Kundalik ta’lim leksikonimizga “tyutor" tushunchasi kirib kelar ekan, uning mazmuni nimadan iborat?

Avvalambor, “tyutor" (“tutor") tom ma’noda ustoz, murabbiy, instruktor – yo‘l ko‘rsatuvchi ma’nolarida qo‘llaniladi. Tyutor birinchi navbatda, ma’lum bir sohaning mutaxassisi bo‘lib, uning asosiy vazifasi talabaga muayyan bilim va ko‘nikmalar berishdan iborat. 

Kengroq ma’noda esa, tyutor talabaga o‘quv jarayoni davomida o‘z salohiyatini namoyon qilish, o‘zini yanada yaxshiroq anglash, o‘qish va hayotda to‘g‘ri qaror qabul qilish va tanlashni o‘rgatadi. U talabaga har bir qadam va harakatlarining oqibatlarini anglash, hayotda o‘z qiziqishlarini topishga yordam beradi. 

Buning uchun tyutor o‘z tarbiyachilarining qiziqish va moyilliklarini, muammo va qiyinchiliklarini chuqur tahlil qiladi. U talabaning atrofidagi intellektual va psixologik muhitni sinchkovlik bilan o‘rganadi. Bir so‘z bilan aytganda, tyutor talaba va ta’lim jarayoni o‘rtasidagi bog‘lovchi kuch hisoblanadi. Uning yordamida o‘qish qiziqarli va samarali jarayonga aylanishi lozim. 

Tyutorlik usuli qadimgi Yunonistonda ham asosiy ta’lim jarayoniga yordam sifatida yo‘lga qo‘yilgan edi. Hozirda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tyutorlik uchun maxsus o‘qitiladi, diplom beriladi. Masalan, Rossiyada pedagogika sohasiga ixtisoslashtirilgan oliygohlarda bakalavr va magistratura bo‘yicha maxsus tyutorlik kurslari bor. Tyutorlik markazlari va assotsiatsiyalar faoliyat yuritadi. 

Bu ko‘hna usul zamonaviy dunyoda turli shakllarda (formal va noformal, o‘quv xonasida yoki masofaviy tarzda) qo‘llaniladi. Tyutorlik, albatta, formal o‘quv jarayonidan farq qiladi. U yengilroq, moslashuvchan shaklda amalga oshiriladi.

Tyutorlar – bu yuksak mas’uliyat egalari hisoblanadi. Zero, tyutor dunyoqarashi endi shakllanayotgan talaba bilan muntazam tarzda ishlaydi. Bunday mutaxassisning asosiy vazifasi – boshqa odamga o‘qishni samarali va qiziqarli jarayonga aylantirishga yordam berish. Tyutor ham butun guruh bilan, ham individual tarzda ishlashi kerak bo‘ladi. 

Ilmning qaysi sohalariga urg‘u berish, kelajakda kasb tanlash, kerak bo‘lsa, boshqa mutaxassislikka mo‘ljal olish, o‘qish va kundalik hayot o‘rtasida muvozanatni o‘rnatish, vaqtini menejment qilish masalalarida talabalarga ta’sir qilish ham tyutorning vazifasidir. 

Yaxshi tyutor – bu talabaga yelkadosh murabbiy va mohir konsultantdir. U talabaning kuchli taraflarini, zaxiradagi qobiliyatlarini yuzaga chiqarib, kamchiliklari ustida ishlashni o‘rgatadi. 


    S.Usmanov,

Axborot xizmati rahbari