Toshkentdagi yoshlar forumida ishtirok etayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qishni tamomlagan yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik muammosi haqida gapirdi.
«Bugun o‘g‘il-qizlarimizni qiynayotgan jiddiy muammolardan biri – o‘qishni tamomlagan yoshlar bandligi. Ko‘plab maktab va kollej bitiruvchilari, ba'zan oliy ma'lumotli yigit-qizlar ham, ish topishda qiyinchilikka uchramoqdalar», degan davlat rahbari.
Hozirgi vaqtda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 7-11-sinf o‘quvchilariga ta'lim berish bilan birga ularni eng kamida bitta kasbga o‘rgatish amaliyoti joriy etilgani, o‘quvchi 11-sinfga o‘tgach, u tuman yoki shahar hokimligining bevosita e'tiborida bo‘lishi belgilangani qayd etib o‘tildi.
«Tashkilotlar yosh mutaxassisni ishga olishdan manfaatdor bo‘lishi kerak. Shu sababli, hukumatga yosh kadrlar uchun belgilangan sinov muddati davrida ish beruvchilarga imtiyozlar taqdim etish masalasini ko‘rib chiqish vazifasi topshiriladi», – dedi prezident.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash va yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlash ham ustuvor vazifalardan biri.
O‘tgan uch yil mobaynida mamlakat bo‘yicha 5 100tadan ortiq namunali yosh oilaga arzon uy-joylar qurilib, qariyb 200 milliard so‘m miqdorida boshlang‘ich badal pullari to‘lab berildi. Buning mantiqiy davomi sifatida 2021-2023 yillarda Yoshlar uylarini qurish dasturini ishlab chiqib, amalga oshirish vazifasi belgilandi.
«Xalqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni asrab-avaylab keladi. Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi. Bir narsani unutmasligimiz lozim: xonadonlarimizdagi tinchlik-totuvlik, avvalo, oiladagi sog‘lom muhitga, mustaqil hayot ostonasida turgan qizlarimizni oilaviy turmushga tayyorlash bilan bevosita bog‘liq», – dedi davlat rahbari.
Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida yosh oilalar o‘rtasida 25 mingga yaqin ajralish bo‘lgani afsus bilan qayd etildi.
«Men, bugungi imkoniyatdan foydalanib, keng jamoatchilikka, avvalambor, ko‘pni ko‘rgan mo‘tabar nuroniylarimizga, oqila va mehribon onalarimizga murojaat etmoqchiman. Bu og‘riqli masalada bizga yordam beringlar, deb iltimos qilaman. Oilaviy nizolarning oldini olish, ajrimlarni kamaytirish borasida siz, aziz yoshlarimiz ham, tashabbus va faollik ko‘rsatsangiz, men barchangizdan cheksiz minnatdor bo‘lar edim», – dedi Shavkat Mirziyoyev.