Yodju instituti nima uchun vazirlik ro‘yxatida yo‘q?


Kecha bir mushtariydan quyidagicha murojaat kelib tushdi (imlo aslicha qoldirildi):

«Assalomu Aleykum! Man Toshkent shaxridagi Yodju texnika instituti talabasiman. Yakinda Oliy va Urta ta'lim vazirligining telegram kanalida "Yurtimizdagi maxalliy va Xorijiy oliy ukuv yurtlari tolik ruyxati" deb atalgan PDF formatida ruyxat joylashtirildi. U yerda bizning Institutimiz negadir yuk? Xattoki xali ochilmagan Adju (Koreya) va Amiti (Indiya) institutlari bor lekin bizniki yuk?! Bu masalada kayerga murojaat kilishni bilmayapmiz? Oliy va Urta ta'lim vazirligini telefon rakamiga tushib bulmaydi?? Biz bekorga Kontrakt tulab ukib yurmayapmizmikin?»

JAVOB: Xavotirlanmasangiz ham bo‘ladi, Siz tahsil olayotgan Toshkent shahridagi Yodju texnika institutiga Hukumat tomonidan maxsus litsenziya berilgan va unda tahsil olgan talabalarning diplomi bilan muammo bo‘lmaydi.

Bunga bir qancha asoslarni keltirishim mumkin.

Masalan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy saytida 25.09.2018 yilda bir xabar e’lon qilingan, unda yurtimizda rasman faoliyat olib borayotgan xorijiy OTMlar ro‘yxati sanab o‘tilgan. O‘sha ro‘yxatda Yodju ham bor.

Bundan tashqari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy saytida OTMlar ro‘yxati sahifasi bor. O‘sha yerda ham Yodju ro‘yxatga kiritilgan (pastdagi rasmga qarang). Lekin nima uchundir vazirlik saytidagi institut sahifasiga kirib bo‘lmayapti, xatolik beryapti.

Endi Siz ta’kidlagan ro‘yxatga kelsak, aynan nima uchun o‘sha PDF ro‘yxatga Yodju kirmay qolganidan xabarim yo‘q. Lekin 2 ta taxminim bor:

1) ro‘yxatda xususiy OTMlar nomi keltirilmagan bo‘lishi mumkin (lekin biror joyda davlat OTMlari deyilmagan ekan);

2) vazirlik ushbu ro‘yxatni tayyorlayotganda litsenziyasi bor OTMlarni emas, balki faqat Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qarori chiqqan OTMlarni ro‘yxatga kiritgan bo‘lsa kerak. Ma’lumot uchun aytish kerakki, Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti to‘g‘risida Hukumat qarori mavjud emas, lekin O‘zbekistonda faoliyat olib borish bo‘yicha maxsus litsenziyasi bor.

Yana ham qolganiga vazirlikning o‘zi batafsil izoh berar, kim bilsin. Aytmoqchimanki, Yodju talabalari sira xavotirlanmasdan o‘qishni davom ettirishlari mumkin.

Xushnudbek Xudayberdiyevning telegram kanalidan olindi