2022/23 yilgi o‘quv yili uchun O‘zbekiston OTMlariga qabul kvotalari tasdiqlandi. Qabul jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida prezident qarori e’lon qilindi.
Prezidentning tegishli farmoyishiga asosan yangi o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi yo‘nalishida 77 477 nafar, sirtqi yo‘nalishda 26 095 nafar, kechki ta’lim shaklida 3 725 nafar, yangi turdagi masofaviy ta’lim shaklida esa 3 410 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. Magistratura uchun qabul 10 688 nafar etib belgilangan.
Yangi o‘quv mavsumida qabul 20 iyundan boshlanadigan bo‘ldi. Qabul jarayonida abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va DTM rasmiy sayti orqali har yili 20 iyundan 20 iyulga qadar (20 iyul kuni ham), chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha esa 10 iyulga qadar (10 iyul kuni ham) amalga oshiriladi.
Qarorda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha yangi tartib ham belgilangan. Unga ko‘ra, davlat OTMsining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:
1. Talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;
2. Davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.
Boshqa hollarda bir davlat OTMdan boshqasiga (hududidan qat’i nazar) o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi. Xorijdan va O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirishda amaldagi tartib saqlanib qolgan.
Magistraturaga bir yilda 2 marta qabul bo‘ladi
Qarorga ko‘ra, davlat OTMlarining magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta – avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi. Avgust oyidagi qabul navbatdagi o‘quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan OTMlarning kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Yanvar oyidagi qabul esa dastlabki qabul natijalariga ko‘ra to‘lmagan o‘rinlar hamda davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi.