Xotin-qizlar uchun oliy ta'limga ajratiladigan davlat grantlari soni 2 mingtaga yetkaziladi


“Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori e'lon qilindi.

Qarorga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosida qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi, ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun oliy ta'limga ajratiladigan davlat grantlari soni ikki baravarga oshirish orqali ikki mingtaga yetkaziladi.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat OTMlariga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy ta'lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etiladi.

Bunda, o‘qish uchun to‘lov pullari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 100 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan;

moliyaviy barqaror davlat OTMlari tomonidan ularning kengashi qaroriga asosan, 50 nafargacha xotin-qizlar uchun davlat OTMlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Qarorga ko‘ra, bir oy muddatda bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab, xorijiy mamlakatlarning nufuzli ta'lim, ilmiy yoki boshqa muassasalariga “El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendiyalari asosida o‘qishga yuboriladigan stipendiatlar orasida xotin-qizlar ulushi kamida 20 foizga ko‘paytiriladi.