Xorijdagi nufuzli OTMda o‘qiyotgan va yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan yosh vatandoshlarga vazirlik, idora va tashkilotlarda ishlash uchun sharoitlar yaratiladi. Jumladan, ularga xizmat uylari beriladi, kamida 2 yil ishlaganlarga uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badali va foizlarining bir qismini qoplashga subsidiya ajratiladi. 1 iyungacha esa «Yosh vatandoshlar reyestri» ishga tushiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 7 martdagi «Davlat organlari va tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarga zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [101-son] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, 2022 yil iyundan xorijdagi nufuzli OTMda o‘qiyotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan O‘zbekiston yoshlari (yosh vatandoshlar)ga vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda ishlashi uchun shart-sharoit yaratiladi.
Xususan:
- yosh vatandoshlar faoliyati davomida xizmat turar joylari bilan ta’minlanadi;
- davlat organlari va tashkilotlarida kamida 2 yil ishlagan yosh vatandoshlarga uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badali va foizlarning bir qismini qoplashga subsidiya beriladi.
1 iyungacha «Yosh vatandoshlar reyestri» elektron tizimi ishga tushib, u vatandosh olimlar, ekspertlar va tadqiqotchilar ochiq ro‘yxatdan o‘tadigan platformaga integratsiya qilinadi.
Har yili 1 martgacha davlat organlari va tashkilotlari Yoshlar ishlari agentligiga o‘z tizimida ishlayotgan malakali yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarni kelgusida yuqori lavozimga tayinlash bo‘yicha asoslangan takliflar beradi. Agentlik 1 aprelgacha takliflarni o‘rganib prezident Administratsiyasiga tavsiya kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning avgustida xorijda vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida prezident qarori bilan «Vatandoshlar» jamoat fondi tashkil etilgandi. Uning faoliyatini boshlash uchun 5 mlrd so‘m ajratiladi. Fondni Vasiylik kengashi boshqaradi, unga esa O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev raislik qiladi.