O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-son “Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibini takomillashtirish haqida"gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirining 2008 yil 4 martdagi 56-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta'lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizomning 34-bandiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi buyruq loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, ushbu nizomning 34-bandi ikkinchi xatboshi “Xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi", deya bayon etilmoqda.
Hozirgi tartibga ko‘ra, chet elda ta'lim olgan (ota-onasi xorijda ishlagan davrda yoxud turli tanlovlar yoki chet mamlakatlarning grantlari hisobidan xorijda ta'lim olgan) bitiruvchilarni yakuniy attestatsiyaga qo‘yish masalasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bitiruvchi o‘qigan mamlakatida umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim hujjatlarini olgan bo‘lsa, ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmalarida tashkil etiladigan komissiyalar xulosasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta'lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilinadi.
Bitiruvchiga chet mamlakatlarda berilgan umumiy o‘rta ta'lim hujjati O‘zbekiston Respublikasida beriladigan shahodatnoma o‘rnini bosa olmasa, ya'ni bitiruvchi ma'lum bir fanlar yo‘nalishidagina ta'lim olib kelgan bo‘lsa, u umumiy tartibda yakuniy attestatsiyaga kiritiladi. Bunday hollarda bitiruvchi o‘ziga berilgan hujjatda ko‘rsatilgan fanlardan boshqa barcha fanlar bo‘yicha yakuniy attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Bitiruvchiga yakuniy bahoni qo‘yishda uning avvalgi sinflarda olgan baholari ham inobatga olinadi.