Xorazmda "Universiti Teknologi Malaysia" filiali ochiladi


Malayziya Texnologiya universitetining («Universiti Teknologi Malaysia» – UTM) bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha filialida injiniring, axborot texnologiyalari, fundamental fanlar va menejment yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beriladi. Bu haqda uz24.uz xabar bermoqda.

Xorazm viloyati hokimligi va UTM rektori bilan uchrashuv davomida Professor-o‘qituvchilar tarkibining malakasini oshirish va talabalar almashish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqishga kelishib olindi, shuningdek, Xorazm viloyatidagi tegishli oliy ta’lim muassasasi negizida franchayzing modeli bo‘yicha Malayziya oliy ta’lim muassasasi dasturlarini joriy etish, kelgusida UTM filialini ochish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Kelgusi muzokaralar davomida ilg‘or tajribani o‘zlashtirish, yangi amaliy bilim va boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lish maqsadida talabalarning Malayziyadagi tegishli yirik kompaniyalarda stajirovka o‘tashi masalalari muhokama qilindi. Bu istiqbolli, eksportga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mintaqaga Malayziya investitsiyalari oqimini ko‘paytirishga, shuningdek, mamlakatning ilg‘or tajribasi O‘zbekiston sanoat sektoriga joriy etilishiga zamin yaratadi.

Ma’lumot uchun: UTM 1904 yilda asos solingan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. «QS World University Rankings» statistikasiga ko‘ra, UTM «QS Asian University Rankings» versiyasi bo‘yicha 228-o‘rinni va Osiyodagi oliy ta’lim muassasalari orasida 47-o‘rinni egallaydi. Har yili oliy ta’lim muassasasini 12 mingdan ortiq talaba bitiradi.