Xorijiy universitetlar bilan hamkorlik qiluvchi OTMlar magistraturasiga qo‘shimcha kvotalar belgilandi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Toshkent davlat agrar universitetiga 2018/2019 o‘quv yili qabuli uchun qo‘shimcha kvotalar ajratildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lum qildi.

Mazkur oliy o‘quv yurtlarida xorijiy oliy ta’lim muasssasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlariga muvofiq magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul amalga oshiriladi. 

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 15 nafar talaba qo‘yidagi mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi:

- Suv sifatni boshqarish (Michigan universiteti, AQSh);

- Intellektual datchiklar va texnologiyalar (Michigan universiteti, AQSh);

- Atrof-muhit muhofazasi (tamroqlar va sohalar bo‘yicha), (Nitra shahridagi Slovakiya qishloq xo‘jaligi universiteti, Slovakiya).

Toshkent davlat agrar universitetida Vayenshtefan-Trizdorf amaliy fanlar universiteti (Germaniya Federativ Respublikasi) bilan hamkorlikda 15 nafar talaba Agrar menejmenti mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi.

Ushbu qo‘shma ta’lim dasturlari asosida magistrlar tayyorlanadigan mutaxassisliklar bo‘yicha hujjatlar 2018 yilning 10 avgustiga qadar qabul qilinadi.

Qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish respublika oliy ta’lim muassasalari hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalarida olib boriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida AQShning Vebster universiteti bilan hamkorlikda TESL — «Ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘qitish» akademik dasturi bo‘yicha bir yillik magistraturaga 100 nafar talaba to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Vebster universitetining O‘zDJTUdagi magistraturasiga qabul joriy yilning 1 avgustidan 20 avgustiga qadar davom etadi.