Xalq ta’limi vaziri o‘zgardi


Innovatsion rivojlantirish vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Sherzod Shermatov Ulug‘bek Inoyatovning o‘rniga Xalq ta’limi vaziri etib tayinlandi. Bu haqda «Gazeta.uz» Hukumatdagi manbasiga tayanib xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, vazirning Alisher Sa’dullayevdan boshqa barcha o‘rinbosarlari, jumladan, vazirning birinchi o‘rinbosari Qodirboy Bekturdiyev va vazir o‘rinbosarlari Jahongir Sidiqov va Dilshod Kenjayev ham lavozimidan ozod qilingan.

Bunga qadar Toshkentdagi Inha universiteti rektori bo‘lib ishlagan Sarvar Boboxo‘jayev, shuningdek innovatsion rivojlantirish vazirining sobiq o‘rinbosarlari Otabek Nazirov va Alisher Umarov vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Ulug‘bek Inoyatov 2013-yildan buyon Xalq ta’limi vaziri vazifasida ishlab kelayotgan edi. Yangi vazir va uning o‘rinbosarlari jamoaga ertaga tanishtirilishi kutilmoqda.

Manba: xabar.uz